date
views 18 909

Igor Sergeyev: Prezident bilan suhbat yodimdan chiqmaydi, ochig‘ini aytsam yig‘lab yuboray dedim

Igor Sergeyev: Prezident bilan suhbat yodimdan chiqmaydi, ochig‘ini aytsam yig‘lab yuboray dedim
O‘zbekiston milliy terma jamoasining tajribali hujumchisi Igor Sergeyev tarixiy Qatarga qarshi bahsdan so‘ng saytimizga samimiy va ilhomli intervyu berdi. Sergeyevning so‘zlarida g‘urur, minnatdorlik va katta motivatsiya yotibdi. Bu suhbat nafaqat futbol ishqibozlarini, balki barcha yurtdoshlarimizni ruhlantirmasdan qoldirmaydi.

Igor Sergeyev Jahon chempionati yo‘lidagi saralash jarayoni haqida to‘xtalib o‘tib, bu bosqich O‘zbekiston terma jamoasi uchun oson kechmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim vaziyatlarda rejalar amalga oshmagan, baribir maqsadga erishildi — tarixda ilk bor milliy terma jamoamiz mundialga yo‘l oldi. “Bugungi o‘yin men uchun yanada qadrli bo‘ldi. Og‘ir jarohatdan so‘ng maydonga qaytdim va gol urdim. Bu hissiyotlarni so‘z bilan ifodalash qiyin, cheksiz shodlik va mamnuniyat ichidaman”, — deya samimiyligi bilan o‘rtoqlashdi hujumchi.

Igor Sergeyev uchun bu to‘rtinchi Jahon chempionati saralash sikli. Ilk marta u 2013 yilda Iordaniyaga qarshi bahsda saralashda ishtirok etgan. O‘tgan o‘n ikki yil ichida o‘zgargan jihatlar haqida u shunday fikr bildirdi: “Bugungi kunda futbolimizga jiddiy yondashila boshlandi. Federatsiya va rahbariyat sportga katta e’tibor qaratyapti. Shu bois, yosh va iste’dodli o‘yinchilar qatori kengaymoqda. Husanov, Abbos, Eldor kabi yoshlarimiz maydonda o‘z so‘zini aytmoqda, talab va maqsadlar katta, raqobat keskin. Eng asosiysi — infratuzilma va akademiyalarimiz rivojlandi. Buning natijasini terma jamoamiz so‘nggi yillarda yaqqol ko‘rsatyapti”.

Sergeyev tarixiy saralashdan so‘ng Prezidentimiz bilan uchrashganini ham unutmasligini aytdi. Ushbu uchrashuv u uchun hayotdagi eng katta iftixor va orzularidan biri bo‘lgan. “Yurtboshimiz menga rahmat aytib, oilamga o‘zi shaxsan faxrlanishini yetkazishimni iltimos qildi. Prezident bilan yuzma-yuz suhbatlashish har bir sportchi uchun orzu. Bu hissiyotni so‘z bilan ifoda etib bo‘lmaydi, yig‘lab yuborishimga oz qolgandi”, — deydi hayajon bilan futbolchi.

Igor Sergeyevning bu so‘zlari — faqatgina yakka shaxsning taassurotlari emas, balki butun O‘zbekiston futboli, murabbiylar, yoshlar va muxlislar uchun o‘ziga xos ruhiy quvvat manbai. Saralash bosqichidagi g‘alaba va milliy terma jamoamizning katta forumga chiqishi — bu yillar davomida qo‘yilgan mehnat, tinimsiz mashqlar va kuchli irodaning natijasi.

O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida yangi avlod iste’dodlari ko‘paymoqda. Jamoa safida har bir futbolchi o‘z o‘rnini topa olish uchun kurashmoqda. Bugungi yutuqlar, muvaffaqiyat va katta imkoniyatlar sari yo‘lning boshlanishi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shunday qilib, Igor Sergeyevning samimiy suhbati orqali yana bir bor ishonch hosil qilamizki, milliy futbolimizda yangi sahifa ochildi. Oldinda hali yangi g‘alabalar, baland cho‘qqilar va butun yurtni birlashtiradigan katta forumlar turibdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Igor Sergeyev: Prezident bilan suhbat yodimdan chiqmaydi, ochig‘ini aytsam yig‘lab yuboray dedim