date
views 3 481

Jahon chempionati futbolchilar klublariga millionlab dollar daromad olib keladi

Jahon chempionati futbolchilar klublariga millionlab dollar daromad olib keladi
Futbol shunchaki sport emas, balki milliardlab dollarlar aylanadigan global biznesga aylanib ulgurdi. Yaqinlashib kelayotgan 2026 yilgi jahon chempionati buning yana bir yorqin isbotiga aylanadi. Futbol olamining eng nufuzli musobaqasida ishtirok etish uchun butun dunyo bo‘ylab qizg‘in kurash davom etyapti. Mazkur musobaqa AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida bo‘lib o‘tadi.

E’tiborlisi, bu safargi mundialda O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor ishtirok etadi. Bu yangilik nafaqat muxlislar uchun, balki futbolchilarimizni tarbiyalagan va ularning o‘sishiga hissa qo‘shgan klublar uchun ham katta rag‘batdir.

FIFA – jahon futbolini boshqaruvchi xalqaro tashkilot – 2026 yilgi jahon chempionatiga o‘z futbolchilarini yuboradigan klublarga maxsus to‘lov ajratishini ma’lum qildi. Kutilmoqdaki, klublar uchun ajratiladigan umumiy pul mablag‘i kamida 209 million dollarga yetadi. Bu mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri futbolchi chiqargan klublarga, ularni o‘stirgan, tarbiyalagan va transfer qilgan jamoalarga to‘lanadi.

Ko‘rinishidan, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatida qancha ko‘p o‘ynasa, futbolchilarni yetkazib bergan klublar shuncha ko‘p daromad qiladi. Bu to‘lovlar o‘yinchilarning faoliyatida ishtirok etgan barcha klublar orasida adolatli taqsimlanadi. Masalan, terma jamoamizning asosiy posbonlaridan biri Abduqodir Husanovning mundialdagi ishtirokiga “Paxtakor” va uning ilk klubi “Energetik-BGU” hamda “Manchester Siti” bir vaqtning o‘zida haq oladi. Har bir futbolchi uchun FIFA kunlik 10 ming dollargacha to‘lashni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, Eldor Shomurodov kabi legionerlarimiz mundialda ishtirok etsa, uning faoliyati bilan bog‘liq “Roma” klubi va uni tarbiyalagan boshqa jamoalar ham moliyaviy rag‘batga ega bo‘ladi.

Tartibga ko‘ra, FIFA bu pullarni nafaqat futbolchilar joriy mavsumda o‘ynayotgan jamoalarga, balki so‘nggi bir necha yil ichida u futbolchi uchun mehnat qilgan barcha klublarga ulush ko‘rinishida taqsimlaydi.

Shu tariqa, jahon chempionati nafaqat g‘olib jamoa va uning muxlislari uchun, balki butun dunyo klublari uchun katta moliyaviy imkoniyat eshigini ochadi. Bu holat, o‘z navbatida, yangi iste’dodlarni tarbiyalash va futbol infratuzilmasini rivojlantirish uchun yanada ko‘proq motivatsiya va sarmoya keltiradi.

2026 yilgi jahon chempionatida o‘zbek futbolchilarining muvaffaqiyati butun mamlakatimiz futboli ravnaqiga yangi ruh va imkoniyatlar baxsh etishi shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jahon chempionati futbolchilar klublariga millionlab dollar daromad olib keladi