
Ispaniyaning mashhur futbol klubi — “Real Madrid” o‘z safini yana bir yosh va iqtidorli futbolchi bilan mustahkamlashga erishdi. Madridliklar Argentinaning “River Pleyt” klubi a’zosi, 17 yoshli iste’dod egasi Franko Mastantuononi rasman o‘z safiga qo‘shib oldi.
Mashhur sport jurnalisti Sesar Luis Merloning yozishicha, Franko “Real” uchun tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan va klub bilan 2031-yilga qadar mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnoma imzolagan. Shuningdek, “Qirollik klubi” futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan 45 million yevrolik tovon puli bandini ham to‘liq faollashtirgan.
Shu bilan birga, Mastantuono hali bir necha oy davomida sobiq jamoasi — “River Pleyt” safida qoladi. U Katta klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etadi va aynan musobaqa yakuniga yetgach, ya’ni 15-avgustdan keyin “Real Madrid” lageriga qo‘shiladi. Qayd etish kerakki, bu sanada u atigi 18 yoshni qarshilagan bo‘ladi.
Mutaxassislar Frankoning texnikasi, tezligi va maydondagi fikrlash qobiliyatini yuqori baholamoqda. U Madrid jamoasining uzoq muddatli loyihalarida markaziy rol o‘ynashi kutilmoqda.
“Real Madrid”ning bu transferi yana bir bor klubning yosh iste’dodlarga sarmoya kiritish strategiyasini tasdiqlaydi. Muxlislar esa Mastantuononing “Santyago Bernabeu”da qanday porlashini intiqlik bilan kutmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar