date
views 21 427

O‘zbekiston terma jamoasi Argentinaga qarshi bahs olib boradi

O‘zbekiston terma jamoasi Argentinaga qarshi bahs olib boradi
Jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanma qo‘lga kiritgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixiy natijadan so‘ng yanada yuqori maqsadlar sari intilayotganini ko‘rsatmoqda. Mundialga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida jamoa bir qator nufuzli va futbol jihatdan salohiyatli davlatlar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Bu boradagi eng muhim yangiliklardan biri — O‘zbekiston terma jamoasining Argentinaga qarshi o‘yin o‘tkazishi haqidagi xabardir. FIFAning rasmiy taqvimidagi oktyabr oyi — milliy jamoalar uchun ajratilgan maxsus kunlar hisoblanadi. Shu kunlar doirasida “oq bo‘rilar” Argentina milliy termasiga qarshi maydonga tushishi rejalashtirilmoqda.

O‘yin joriy yilning 20–28 oktyabr kunlari oralig‘ida Argentina hududida bo‘lib o‘tadi. Qayd etish joiz, Argentina — so‘nggi jahon chempionatida g‘olib chiqqan, Lionel Messi boshchiligida dunyo futboliga o‘z tamg‘asini urgan jamoa. Ularga qarshi to‘qnash kelish — nafaqat sport nuqtayi nazaridan, balki tajriba jihatidan ham juda katta imkoniyat hisoblanadi.

O‘zbekiston termasi uchun bu bahs yuqori darajadagi raqib bilan navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ladi. Avvalroq ham jamoamiz Janubiy Amerika qit’asidan bo‘lgan Venesuela, Boliviya va Urugvay kabi termalarga qarshi bahslar olib borgandi. Bu safar esa haqiqiy yo‘lboshchilarga qarshi maydonga tushish rejalangan.

Ushbu o‘yin orqali o‘zbekistonlik futbolchilar jahon darajasidagi raqibga qarshi qanday o‘ynash kerakligini amalda anglash imkoniga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, murabbiylar shtabi ham jamoaning zaif va kuchli jihatlarini aniqlab oladi, turli taktik yondashuvlarni sinab ko‘radi.

Futbol mutaxassislari va muxlislar bu uchrashuvni katta qiziqish bilan kutmoqda. Chunki Argentina kabi super jamoaga qarshi o‘yin nafaqat sportchilar uchun, balki butun mamlakat uchun ham iftixor va faxr manbaidir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasi Argentinaga qarshi bahs olib boradi