
Italiyaning mashhur “Roma” klubida yangi bosh murabbiy sifatida faoliyat boshlagan Jan Piyero Gasperini birinchi qarori bilanyoq katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Uning rejalarida ukrainalik hujumchi Artyom Dovbikning o‘rni yo‘qligi aniq bo‘ldi. Bu haqda italiyalik va ukrainalik sport nashrlari xabar tarqatdi.
27 yoshli markaziy hujumchi mavsum yakunlanishi bilan “Roma” safini tark etishi mumkin. Klub rahbariyati futbolchini transfer ro‘yxatiga qo‘yishga qaror qilgani aytilmoqda. Bu qaror Gasperinining taktik qarashlari va talablari bilan bog‘liq. U yangi jamoasida oldingi chiziqda ko‘proq harakatda bo‘ladigan, bosim ostida ham kurashchi va tinimsiz yuguradigan hujumchilarni ko‘rishni xohlamoqda.
Artyom Dovbik esa klassik markaziy hujumchi sifatida tanilgan bo‘lib, u ko‘proq pozitsion o‘yinda samarali harakat qiladi va to‘pni to‘g‘ridan to‘g‘ri yakunlashga ixtisoslashgan. Shu sababdan uning o‘yin uslubi yangi murabbiyning talablariga to‘liq mos kelmayapti.
Shu bilan birga, Dovbikning faoliyati butunlay samarasiz o‘tdi, deb bo‘lmaydi. U 2023/24 yilgi mavsumda Ispaniyaning “Jirona” klubi safida ajoyib statistika qayd etgan — La Ligada 36 o‘yinda 24 ta gol kiritgan. Bu ko‘rsatkich uni nafaqat Ispaniyada, balki butun Yevropa transfer bozorida talabga ega futbolchilar qatoridan joy olishiga sabab bo‘ldi.
“Roma”dagi o‘tgan mavsum esa unchalik yorqin kechmadi — 32 uchrashuvda bor-yo‘g‘i 12 ta gol. Bu natijalar Dovbikning “Roma”dagi kelajagini savol ostiga qo‘ydi. Ayniqsa, yangi murabbiyning taktik qarashlari uning transferini yanada ehtimolliroq qilib qo‘yadi.
Ayni paytda, Artyom Dovbikning xizmatlariga Yevropaning bir qator klublari qiziqish bildirmoqda. Xususan, Germaniya Bundesligasi va Fransiya Ligasi jamoalari ukrainalik to‘purarni o‘z saflariga qo‘shish istagini bildirmoqda. Bu transferda “Roma” ham moliyaviy jihatdan yutuqqa ega bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar