Klopp Virtsning JCH-2026 turnirida porlashiga umid bildirdi

«Liverpul» klubining sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp Germaniya terma jamoasi a'zosi Florian Virtsning kelajagi borasida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Mutaxassis yosh iqtidor egasining AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan navbatdagi jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etishiga ishonch bildirdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Kloppning ta'kidlashicha, Virts yuqori darajadagi o'yinchi bo'lish uchun barcha zarur xislatlarga ega. «Liverpul» 2025-yilda ushbu pleymeyker uchun «Bayer» klubiga 125 million yevro to'lagan edi.
Hozircha futbolchi «Enfild»dagi birinchi mavsumida o'ziga sarflangan katta mablag'ni to'liq oqlashga ulgurmadi.
«Men yigitga bosim o'tkazmoqchi emasman. U qiyin mavsumda ham qanchalik kuchli ekanini ko'rsata olishiga chin dildan ishonaman», — dedi Klopp BBC nashriga bergan intervyusida.
Hozirda Arne Slot boshqarayotgan «Liverpul» Angliya Premyer-ligasida to'rtinchi o'rinni egallab turibdi va chempionlik poygasidan chiqib ketgan.
Florian Virts Germaniya terma jamoasi safida 2021-yilda debyut qilgan bo'lib, shu vaqtgacha 39 ta o'yinda 10 ta gol urishga erishdi. 22 yoshli futbolchi Shveysariyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida dubl qayd etib, o'zining jahon chempionati uchun qaydnomadan joy olishini deyarli naqd qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!