
Turkiya futboli muxlislarini hayajonga solgan katta transfer yaqinlashmoqda. Germaniya terma jamoasi va "Manchester Siti"ning tajribali yarim himoyachisi Ilkay Gyundogan bir qadam "Galatasaroy"ga o‘tishga yaqinlashdi.
34 yoshli xavbek o‘zining futbol faoliyatidagi yangi bosqichni aynan Istambulda davom ettirishga tayyorligini bildirgan. Turkiyalik mashhur insayderlar xabariga ko‘ra, futbolchi va “Galatasaroy” klubi o‘rtasida shartnoma borasida umumiy kelishuvga erishilgan. Hujjatlar va shaxsiy shartlar borasida hech qanday to‘siq yo‘q. Biroq transfer to‘liq amalga oshishi uchun yana bir muhim bosqich qolgan – Ilkay “Galatasaroy” bosh murabbiyi Okan Buruk bilan shaxsiy muzokara o‘tkazishi kerak.
Bu suhbatda futbolchining taktik rolini, o‘yin vaqtiga bo‘lgan kafolatlarini, jamoadagi o‘rnini aniqlash kerak bo‘ladi. Agar tomonlar ushbu masalalarda ham til topishsa, transfer rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.
Gyundogan hozirda “Manchester Siti” jamoasi safida klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etmoqda va aynan shu sababli Turkiyaga uchishni ma’lum muddatga kechiktirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ilkay Gyundogan “Siti” jamoasi bilan ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan, jumladan, Angliya Premer-Ligasi, Kubok va Chempionlar ligasi kabi yirik musobaqalarda g‘olib chiqqan. Uning shartnomasi tugashiga faqat bir yil qolgan va ingliz klubi futbolchini erkin agent sifatida ketishiga qarshi emas.
Gyundoganning turk klubiga kelishi nafaqat “Galatasaroy” uchun, balki Turkiya futboli uchun ham katta voqea bo‘ladi. Uning boy tajribasi va yetakchilik xususiyatlari jamoaning xalqaro musobaqalardagi ambitsiyalarini amalga oshirishda qo‘l kelishi mumkin.
Shu bilan birga, Ilkay Gyundoganning Turkiyaga o‘tishi uning ildizlariga qaytayotganini anglatadi. U Germaniyada tug‘ilgan bo‘lsa-da, turk oilasi farzandi sifatida o‘sgan va endi o‘z yurti jamoasida so‘ngi yillarini o‘tkazish niyatida bo‘lishi mumkin.
Zamin.uz muxlislar uchun transfer jarayonidagi barcha yangiliklarni kuzatib boradi. Ilk suratlar, imzolangan shartnoma va rasmiy taqdimot kutilayotgan jarayon — tez orada futbol olamidagi muhim xabarlardan biriga aylanishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar