date

O‘zbekiston U-17 Jahon chempionati yo‘lida jiddiy sinovlardan o‘tmoqda

O‘zbekiston U-17 Jahon chempionati yo‘lida jiddiy sinovlardan o‘tmoqda
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida, bir qator kuchli raqiblarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishda davom etmoqda. Okean ortida tashkil etilgan navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida yosh futbolchilarimizga Chili va Boliviya terma jamoalari sinov vazifasini o‘tab berdi. Bu yig‘in nafaqat jismoniy, balki psixologik va taktik jihatdan ham muhim saboqlar berishga xizmat qildi.

Bosh murabbiy Islom Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, Chili o‘smirlariga qarshi o‘tkazilgan har ikkita uchrashuvda g‘alaba qozonildi. Shu bilan birga, raqibning yuqori darajadagi jismoniy baquvvatligi, texnik yetukligi va doimiy pressing ostida harakat qilishi o‘zbekistonlik futbolchilarga katta tajriba olish imkonini berdi. Birinchi uchrashuvda pozitsion hujumlar orqali raqibni bosim ostida ushlab turishga erishildi, ikkinchi bahsda esa 7 nafar futbolchida tarkib o‘zgarishlar bo‘lishiga qaramay, kerakli natijaga erishildi.

Boliviya bilan bo‘lgan bellashuv esa ancha qiziq va sinovli tarzda o‘tdi. Dengiz sathidan 3600 metr balandlikdagi sharoit jamoa uchun jismoniy jihatdan jiddiy qiyinchilik tug‘dirdi. Birinchi uchrashuvda to‘liq ustunlik va o‘yinni nazorat qilishga qaramay, himoyadagi xatolar tufayli mag‘lubiyatga uchraldi. Bosh murabbiyga ko‘ra, bu nafaqat taktik, balki fiziologik omillar bilan ham bog‘liq bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida iqlimga moslashish oson bo‘lmasa-da, ikkinchi uchrashuvda qilingan taktik o‘zgarishlar samara berdi va g‘alaba qayd etildi.

Jamoaning asosiy hujumchisi Asilbek Aliyevning qizil kartochka olishi masalasi ham chetlab o‘tilmadi. Intizom va hissiyotlarni boshqarish – yosh futbolchilar uchun asosiy talablardan biri. Murabbiy bu voqeadan to‘g‘ri xulosa chiqarilishini va bunday holat takrorlanmasligi uchun kerakli ishlar amalga oshirilishini ta’kidladi.

Islom Ismoilovga ko‘ra, mazkur yig‘in Jahon chempionatiga bosqichma-bosqich, yaxlit va maqsadli tayyorgarlik ko‘rishga xizmat qiladi. Endilikda o‘tgan o‘yinlar teran tahlil qilinib, xatolar ustida jamoaviy va individual ish olib boriladi. Jismoniy tayyorgarlik va taktik mashg‘ulotlarni yanada chuqurlashtirish, raqiblarni o‘rganish asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘ladi. Terma jamoa reja asosida muntazam tayyorgarlikni davom ettiradi va o‘z oldiga quygan maqsad sari dadil ilgarilaydi.

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionati oldidan xalqaro sinovlarda o‘zini ko‘rsatib, yosh futbolchilarimiz uchun juda muhim tajriba va ruhiy barkamollikni oshirmoqda. Bu yig‘inlar kelajak chempionlar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston U-17 Jahon chempionati yo‘lida jiddiy sinovlardan o‘tmoqda