date

Husanov uchun tarixiy kunda "Man Siti" "Al Ayn"ni yirik hisobda mag‘lub etdi

Husanov uchun tarixiy kunda "Man Siti" "Al Ayn"ni yirik hisobda mag‘lub etdi
Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati 2-turidan o‘rin olgan "Manchester Siti" – "Al-Ayn" uchrashuvi muxlislar uchun haqiqiy gollar spektakliga aylandi. Xosep Gvardiola shogirdlari raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda 6:0 hisobida yirik g‘alabani qo‘lga kiritishdi.

Uchrashuvning ilk daqiqalaridayoq “shaharliklar” o‘z ustunligini namoyon etdi. 8-daqiqada Ilkay Gyundogan raqib jarima maydonida paydo bo‘lib, hisobni ochdi. 27-daqiqada esa yosh argentinalik iqtidor egasi Klaudio Echeverri ikkinchi golni urib, raqibni seskantirib qo‘ydi.

Bo‘limning yakunlanishiga yaqin, 45-daqiqada Erling Xoland penaltidan mukammal zarba yo‘llab, hisobni 3:0ga yetkazdi va “Siti”ni oromgohga ishonchli ustunlik bilan olib kirdi.

Ikkinchi taymda ham manzara o‘zgarmadi – “Manchester Siti” hujumda faol bo‘lishda davom etdi. 70-daqiqada yana bir bor Ilkay Gyundogan o‘z nomini tabloga yozdirib, dubl qayd etdi. Uning o‘yindagi harakatlari jamoa uchun qanday ahamiyat kasb etishini yana bir bor namoyon qildi.

Oradan ko‘p o‘tmay, 84-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Oskar Bobb ham o‘z hissasini qo‘shdi – bu uning jahon chempionatidagi ilk goli bo‘ldi. Yakuniy zarba esa 89-daqiqada jamoaga yozda kelib qo‘shilgan Rayan Sherkidan keldi – u ham o‘z debyutini gol bilan nishonladi.

Muxlislar uchun eng quvonarlisi esa — milliy terma jamoamiz himoyachisi Abduqodir Husanovning asosiy tarkibda maydonga tushgani bo‘ldi. 61 daqiqa davomida samarali harakat qilgan Husanov sariq kartochka olgan bo‘lsa-da, o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatdi. U klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi.

Bu g‘alaba orqali “Manchester Siti” 6 ochko jamg‘arib, guruhda 2-o‘rinni egalladi. 3-turda esa ularni guruhdagi birinchi o‘rin uchun “Yuventus”ga qarshi muhim to‘qnashuv kutmoqda. Gollar festivali davom etadimi — muxlislar shiddatli bahsni sabrsizlik bilan kutmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Husanov uchun tarixiy kunda "Man Siti" "Al Ayn"ni yirik hisobda mag‘lub etdi