
Yevropa futbolida doimo markaziy o‘rinni egallab kelayotgan “Real Madrid” yangi mavsum arafasida tarkibni yanada kuchaytirishga bel bog‘ladi. Xususan, klubning transfer siyosatida e’tibor markazida maydonning yuragi sanalmish yarim himoya chizig‘i turibdi. Toni Kroosning faoliyatni yakunlashi va Luka Modrichning ketishi madridliklar uchun jiddiy savollarni keltirib chiqardi.
Boshida “Real” “Real Sosedad”ning intellektual va to‘p bilan muomala qilishda mahoratli bo‘lgan futbolchisi Martin Subimendini olishni rejalashtirgan edi. Ammo u Londonning “Arsenal” klubini tanladi va ushbu imkoniyat qo‘ldan ketdi.
Bu vaziyat madridliklarni Germaniya tomon qarashga majbur qildi. “Shtutgart” safida o‘yinlari bilan Bundesligada yuksak baholanayotgan Angelo Shtiller klub e’tiboriga tushdi. Biroq, “Real”ning seleksiya bo‘limidagi mas’ullar maydon markazi uchun yanada tayyor va yuksak bosim ostida o‘ynagan futbolchi talab etilishini angladi.
AS nashrining ta’kidlashicha, bu pozitsiya uchun eng yaxshi nomzod sifatida “Manchester Siti”dagi yulduz o‘yinchi, “Oltin to‘p” sohibi Rodri ko‘rilmoqda. Ispaniyalik yarim himoyachi texnik jihatdan mukammal, o‘yinni oqilona boshqaradi va jamoaning taktik qurilishlarida muhim rol o‘ynaydi. Undan tashqari, uning tajribasi va katta o‘yinlarda ko‘rsatgan muvaffaqiyatlari klub uchun ideal deb baholanmoqda.
Biroq “Siti” singari jahon grandidan Rodrini tortib olish oson emas. Shu sababdan, “Real” ehtimoliy alternativa sifatida “Liverpul”dagi Aleksis Mak Allister va “Chelsi” safidagi Enso Fernandesni ham kuzatuv ostiga oldi. Bu ikki o‘yinchi ham texnik mahorati, zo‘r paslar berish qobiliyati va hujumni qo‘llab-quvvatlashdagi ishonchli harakatlari bilan tanilgan.
Qisqasi, “Qirollik klubi” o‘z o‘yinini yanada mustahkamlash uchun tayyor va yuqori sifatli markaziy yarim himoyachi izlashda davom etmoqda. Kim "Santyago Bernabeu"da Kroos va Modrich merosini davom ettiradi — bu yaqin haftaning eng qiziqarli savollaridan biriga aylangan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar