date

Trent Aleksandr-Arnold ketdi, “Liverpul” rahbari og‘ir do‘stlik xaqida gapirdi

Trent Aleksandr-Arnold ketdi, “Liverpul” rahbari og‘ir do‘stlik xaqida gapirdi
Futbolda ba’zi ketishlar borki, ular faqat transfer emas – balki butun bir davrning yakunlanishi sifatida qabul qilinadi. “Liverpul” jamoasi uchun ham aynan shunday vaziyat yuzaga keldi: jamoaning sevimli o‘g‘loni, himoyadagi ishonchli tayanchi Trent Aleksandr-Arnold rasman jamoani tark etib, “Real Madrid” safiga yo‘l oldi.

Bu o‘tish haqida ilk rasmiy fikrlardan biri klub rahbari Tom Verner tomonidan bildirildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, klub futbolchining qarorini og‘irlik bilan qabul qilgan, ammo unga nisbatan hurmat va samimiy ehtiromini yo‘qotmagan.

“Men uchun asosiy maqsad – Trentga shaxsan o‘z minnatdorligimizni yetkazish edi. U klub uchun ko‘p narsa qildi. Shu sababdan u bilan alohida uchrashib, u biz uchun qanday qadrli ekanini aytishni lozim topdim”, – deydi Verner.

Vernerning ta’kidlashicha, futbolchi bilan muloqot paytida Trent o‘ziga 7 yosh bo‘lganida akademiyada tushgan suratni ham ko‘rsatgan. Bu lahza klub rahbariyati uchun ham, muxlislar uchun ham juda ta’sirli bo‘lgan.

“Bu suratni ko‘rib, ko‘z oldimizdan qancha yillar o‘tganini angladik. U bolaligidan bu jamoaning bir qismi bo‘lgan, endi esa katta futbolchi sifatida o‘zining yangi sahifasini boshlamoqda. Albatta, bu juda alamli. Muxlislarimiz ham bu yangilikni og‘ir qabul qildi, lekin Trentning nomiga bog‘liq xotiralar biz uchun abadiy qadrli bo‘lib qoladi”, – deb qo‘shimcha qildi “Liverpul” rahbarlaridan biri.

Ma’lumot uchun, Trent Aleksandr-Arnold “Liverpul”ning o‘z tarbiyalanuvchisi bo‘lib, klub akademiyasidagi ilk qadamlarini 7 yoshida tashlagan. Uning mahoratli o‘yinlari va golli uzatmalari jamoaning so‘nggi yillardagi yutuqlarida muhim o‘rin tutadi.

Uning ketishi nafaqat bir pozitsiyadagi bo‘shliq, balki muxlislar uchun qalbdagi bir hissiy yo‘qotish sifatida qabul qilinmoqda. Ammo shu bilan birga, ko‘pchilik u “Real Madrid”da ham o‘zini ko‘rsata oladi, degan ishonchda.

Ayni paytda, Ispaniyaning mashhur klubi “Real Madrid” bosh murabbiyi Xabi Alonso qo‘l ostida Aleksandr-Arnold yangi imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Bu o‘tish uning karyerasidagi yangi bosqich, lekin “Liverpul”da qolgan iz va xotiralar uni unuttirmaydi.

Futbolda har ketish – yangicha imkoniyatlar eshigi. Lekin ayrim o‘yinchilar ketsa ham, ularning ismi va izi jamoaning tarixida abadiy saqlanib qoladi. Trent Aleksandr-Arnold aynan shunday nomlardan biri bo‘lib qolishi aniq.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Trent Aleksandr-Arnold ketdi, “Liverpul” rahbari og‘ir do‘stlik xaqida gapirdi