Lionel Messi Inter Miami muxlislari noroziligiga munosabat bildirdi

MLS doirasidagi Portland Timbersga qarshi o‘yinda Inter Miami muxlislari o‘ziga xos norozilik namoyishini o‘tkazishdi. Jamoaning ashaddiy muxlislar guruhi bo‘lgan La Familia o‘yinning 85-daqiqasigacha stadionda sukut saqlab, o‘z noroziligini bildirdi. Ular futbolchilarning o‘yindan so‘ng tribunaga yaqinlashmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiyim almashtirish xonasiga kirib ketishlarini hurmatsizlik deb baholashdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Muxlislar tribunadan turib ispan tilida futbolchilarni o‘z xalqiga hurmat ko‘rsatishga va ularni tan olishga chaqirishdi. Ushbu vaziyatda Lionel Messi tribunaga qarab norozi ishora qildi, bu esa muxlislar va jamoa o‘rtasidagi taranglikni yanada kuchaytirdi. O‘yin 2:0 hisobida Inter Miami foydasiga yakunlangan bo‘lsa-da, bu g‘alaba yuzaga kelgan kelishmovchilik soyasida qoldi.
Uchrashuvdan so‘ng jamoa vakillari vaziyatga turlicha munosabat bildirishdi. Gol mualliflaridan biri German Berterame muxlislarning haqligini tan olib, ularning qo‘llab-quvvatlashi muhimligini ta’kidladi. Himoyachi Facundo Mura esa jamoa ichida birlik borligini va muxlislarni qadrlashlarini aytib, vaziyatni yumshatishga harakat qildi.
Vaqtinchalik bosh murabbiy Guillermo Hoyos esa ushbu mojaro yuzasidan aniq fikr bildirishdan o‘zini tiydi. Inter Miami rahbariyati va futbolchilari kelgusida muxlislar bilan munosabatlarni yaxshilash va yuzaga kelgan tushunmovchilikni bartaraf etish choralarini ko‘rishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!