
Osiyo Kubogi yo‘lidagi ilk qadamni shonli g‘alaba bilan boshlagan O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Shri-Lankaga qarshi uchrashuvda raqibini to‘liq mag‘lub etdi. Bellashuv 10:0 hisobida yakunlandi va terma jamoamiz nafaqat natija, balki o‘yin sifati bilan ham muxlislarda ijobiy taassurot qoldirdi.
Uchrashuvdan so‘ng bosh murabbiy Kotrina Kulbite jurnalistlar bilan muloqotda bo‘lib, bellashuv borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, bu g‘alaba tasodif emas, balki jamoaning puxta tayyorgarligi samarasidir.
“Qizlarni chin dildan tabriklayman. Bu yutuq ularning jonkuyarligi, intizomi va o‘zaro tushunishining natijasi. Biz ushbu o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Shu bois, bunday yirik hisobni kutgandik. Lekin shu bilan birga, maydonda kamchiliklar ham bor edi va ular ustida ishlashimiz kerak”, — dedi murabbiy.
Kulbite aytishicha, har qanday raqibga qarshi maydonga chiqishda jamoa nafaqat hisob, balki o‘yin sifatiga ham e’tibor qaratadi. Ayniqsa, jamoaning ichki standartlari yuqori va ular har bir uchrashuvni tajriba, sinov, kamchiliklar ustida ishlash uchun imkoniyat sifatida qabul qiladi.
“Tanaffusda futbolchilar bilan gaplashdim. Hisob 5:0 bo‘lib turganiga qaramay, men ulardan yanada yuqori temp, aniqroq paslar va uyg‘unlik talab qildim. Bu faqat Shri-Lankaga qarshi o‘yin emas — bu katta musobaqa uchun qadam. Biz har bir bellashuvda o‘yin sifati bilan ajralib turishimiz kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Kulbite.
Murabbiy, shuningdek, hakamlik haqida ham fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ayrim vaziyatlarda qarorlar bilan rozi bo‘lmadi, ammo umumiy hisobda uchrashuv tinch va yaxshi o‘tdi. “Futbolda shunday paytlar bo‘ladi. Biz baribir o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qildik”, — dedi u.
Ilk o‘yin kechasi, ya’ni quyosh botgandan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Bu, ayniqsa, hozirgi issiq kunlarda katta farq qiladi. “Ha, ob-havo biroz qiyinchilik tug‘diradi. Lekin futbolchilarimiz bunga tayyor. Quyoshdan keyingi vaqt o‘ynash uchun nisbatan qulay. Bu albatta, +20 So emas, ammo +35 So ham biz uchun to‘siq bo‘lolmadi”, — deya kuldi murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, terma jamoamiz navbatdagi uchrashuvni 2 iyul kuni Laosga qarshi o‘tkazadi. Kulbite va uning jamoasi bugungi katta yutuqni ortda qoldirib, yanada jiddiy tayyorgarlikka kirishmoqda. Asosiy maqsad — Osiyo Kubogida munosib ishtirok etish va har bir o‘yinda o‘zbek futbolining yuksak salohiyatini namoyon qilish. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar