date

Yevropa klubidan rad etilib, shod bo‘lgan Igor Shkvirin tafsilotni oshkor qildi

Yevropa klubidan rad etilib, shod bo‘lgan Igor Shkvirin tafsilotni oshkor qildi
Igor Shkvirin — o‘z vaqtida “Paxtakor” va O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi o‘yinlari bilan muxlislar xotirasida qolgan hujumchi. U “Fint Turayeva” podkastida katta futbolga oid eshitilmagan haqiqatlardan bir qismini oshkor qildi.

Shkvirin o‘z so‘zlariga ko‘ra, bir necha bor Yevropa klublaridan taklif olgan, ammo turli sabablarga ko‘ra, ushbu imkoniyatlar amalga oshmay qolgan. Uning e’tiroficha, bu qarorlar ba’zi paytlarda uning o‘zi uchun foydaga ishlagan.

— Men “Alaniya” klubida asosiy tarkibda harakat qilar edim. Bir kuni Belgiyaning “Lokeren” jamoasi taklif bilan chiqdi. Kichkina shaharchada joylashgan ushbu klubga borib, uchta o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etdim. Har bir bellashuvda gol urdim, — deb eslaydi Shkvirin.

Biroq natijalarga qaramasdan, klub uning xizmatidan bosh tortgan. Sababi esa o‘zi ham kutmagan holda aytilgan:

— Murabbiy meni jamoaga olmasligini bildirdi. Ajablanarlisi, u menga: “Sen juda ham texniksan”, dedi. Vaholanki, men hech qachon o‘ta texnik o‘yinchi bo‘lmaganman. Bu rad etishning "yumoq" sababi edi, deb o‘ylayman. Balki, o‘sha lavozimda o‘ynaydigan o‘z futbolchisi bo‘lgan, — deydi u kulib.

Shkvirin faqat Belgiya bilan cheklanib qolmagan. U Avstriyada ham o‘z kuchini sinab ko‘rgan. Ammo u yerda moliyaviy omillar ta’sir qilgan:

— “Forverts” klubida ikkita o‘yin o‘tkazdim va ikkita gol urdim. Moliyaviy shartlarni ko‘rib chiqdim, keyin do‘konlarga kirib, hayot qanday qimmat ekanini ko‘rdim. Bu yerda maoshdan hech narsa qolmasligini anglab yetdim, — deb qo‘shimcha qildi u.

Shu tariqa, Yevropaning mashhur maydonlari orzusi ushalmadi. Lekin Shkvirin buni afsus bilan emas, balki hayotda to‘g‘ri qaror qabul qilgan odam sifatida yodga olmoqda.

Eslatib o‘tamiz, podkastning to‘liq versiyasini rus tilida quyida tomosha qilishingiz mumkin. Unda Shkvirin yana ko‘plab qiziqarli voqealarni bayon qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yevropa klubidan rad etilib, shod bo‘lgan Igor Shkvirin tafsilotni oshkor qildi