
Yevropa futbolida yangi mavsumga tayyorgarlik qizg‘in pallaga kirdi — Moskvaning SSKA jamoasi safidagi legionerlar qatorida 21 yoshli o‘zbekistonlik hujumkor futbolchi Abbosbek Fayzullayev ham klubi ixtiyoriga yetib bordi. Jahon chempionatiga chiqishda milliy terma jamoamizning eng katta “dvigateli”dan biri bo‘lgan Fayzullayev qisqa ta’tildan so‘ng “armiyachilar”ning mashg‘ulotlariga qo‘shilib, yangi bosh murabbiy Fabio Chelestini oldida o‘z mahoratini yana namoyish etish imkoniga ega bo‘ldi.
Ta’kidlash kerak, SSKAda hozirgi kunda o‘nta davlatdan 14 nafar legioner ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning to‘rt nafari braziliyalik futbolchilar. Himoyada esa Moyzes va Villian Rosha singari tajribali braziliyaliklar boshqa yosh yulduzlar bilan zamonaviy jamoa muhitini yaratmoqda.
SSKA matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan videolavhalarda Abbosbek o‘zining jamoadagi kayfiyati haqida gapirib, “Braziliyaliklar bilan hazil-huzul qilayapmiz, har kim o‘z terma jamoasi bilan faxrlanadi, – dedi Fayzullayev. – Ular bilan jahon chempionatida uchrashishimizni kutyapmiz. Men ularga: “O‘zbekiston yutadi”, dedim. Ular esa, “Braziliya 5:0 hisobida yutadi”, deyishdi.”
Moskva jamoasi safidagi 24 yoshli Kellven, shuningdek, Alerrandro va boshqa braziliyaliklar hali Rossiyada o‘zini to‘liq ko‘rsata olmagan bo‘lsa-da, Fayzullayev o‘z statistikasi bilan allaqachon “armiyachilar”ning asosiy figurasiga aylangan. Bir yil ichida u 71 uchrashuvda 8 ta gol va 22 ta assist bilan murabbiylar ishonchini oqlamoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy futbolchisi sifatida ham Abbosbek 27ta o‘yinda 8ta gol urdi va yangi mavsumda ham katta maqsadlar sari harakat qilishni davom ettirmoqda. Yangi bosh murabbiy Fabio Chelestini bilan SSKAda unga qanday rol berilsa, “armiyachilar” safidagi legionerimiz muxlislar umidini oqlashga tayyor.
Yangi mavsum oldidan SSKAda raqobat, o‘zaro hurmat va o‘yin uchun ruh katta ahamiyat kasb etmoqda. Abbosbek Fayzullayev esa bu muhitda o‘z o‘rnini mustahkamlab, Moskvada yangi yulduzga aylanish uchun kurash olib bormoqda.
Sizningcha, Abbosbek yangi mavsumda SSKA va milliy jamoa safida yana qanday yutuqlarga erishishi mumkin? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar