date

CAFA Nations Cup-2025 oldidan Kapadze: Yangi qahramonlar va katta imkoniyatlar yili!

CAFA Nations Cup-2025 oldidan Kapadze: Yangi qahramonlar va katta imkoniyatlar yili!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze bo‘lajak "CAFA Nations Cup-2025" turniri haqida o‘z qarashlarini bildirib o‘tdi. Uning fikricha, ushbu musobaqa nafaqat an’anaviy raqobatlar, balki yangi futbolchilarni kashf etish uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Tajribali mutaxassis quyidagicha fikr bildirdi: “Menimcha, CAFA – juda samarali turnir bo‘ladi. Ikki yil oldin ham mamlakatimizda tashkil etilgani barchaga yoqdi. Bu gal esa O‘mon va Malayziya terma jamoalarining qo‘shilishi musobaqaga yanada yuqori daraja va qiziqish qo‘shadi. Bu bizning futbolchilar uchun mukammal tayyorgarlik sinovi, shu bilan birga yangi nomlarni ochish imkoniyati”.

Kapadze ta’kidlashicha, musobaqaning taqvimi zich bo‘lishi va FIFA kunlaridan avval boshlanishi ayrim muammolarga olib kelishi mumkin: “Legionerlarimiz musobaqaning dastlabki bahsiga yetib kelishda ma’lum qiyinchiliklar bo‘lishi mumkin. Ammo baribir hali vaqt bor. Hozirda chempionat uchrashuvlarini diqqat bilan kuzatyapman va qaysi futbolchilar milliy jamoaga munosib ekanini tahlil qilyapman. Asosiysi, futbolchilarimiz jarohatdan holi bo‘lishsa, barcha rejalar amalga oshadi”.

Mutaxassis yangicha tarkib sinoviga ham urg‘u berdi: “Bizda milliy terma jamoa faoliyatida avval ishtirok etmagan futbolchilarni chaqirish imkoni bor. Ular o‘zini ko‘rsatsa, albatta jalb qilinadi. Musobaqa oldidan barchasi oydinlashadi”.

Kapadzega qishdagi Doxa yig‘ini va tarkibga faqat Superligada o‘ynayotganlar jalb etilishi mumkinligi haqida savol berilganda, shunday dedi: “Faoliyatida yaxshi natija ko‘rsatgan futbolchilar chetda qolmaydi. Biz imkoniyatni to‘g‘ri baholaymiz. CAFA oldidan har bir nomzod teran o‘rganiladi”.

Murabbiy shartnomasi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi: “Qatarga qarshi o‘yindan so‘ng ta’kidlaganimdek, mening va butun shtabimning shartnomasi noyabrga qadar amal qiladi. Hozircha yangi shartnoma bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilgani yo‘q. Bu yo‘lda shoshilinch qarorlar qabul qilinmayapti — bari aniq reja asosida bo‘ladi”.

Timur Kapadze va uning shogirdlari oldida yangi maqsadlar va sinovlar turibdi. CAFA Nations Cup-2025 — nafaqat yangi chempionlar, balki milliy futbolimizning yanada yuqori bosqichga chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Yangi qahramonlar va imkoniyatlar yili boshlanmoqda!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » CAFA Nations Cup-2025 oldidan Kapadze: Yangi qahramonlar va katta imkoniyatlar yili!