date

O‘zingdan chiqqan balo: Joau Pedru sobiq jamoasini ayamadi va «Chelsi»ni finalga olib chiqdi

O‘zingdan chiqqan balo: Joau Pedru sobiq jamoasini ayamadi va «Chelsi»ni finalga olib chiqdi
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida Yevropa klublari o‘ynaydi.

KJCH. Yarimfinal
8 iyul. Ist-Ruterford. «Metlayf Stedium»
​​​​​​«Fluminense» — «Chelsi» 0:2
Gollar
: Joao Pedro (18, 56).
«Fluminense» — Fabio, Ignasio, Silva, Santos (Keno, 54), Guga, Bernal (Lima, 70), Herkules (Kanobbio, 70), Rene, Nonato (Soteldo, 66), Arias, Kano (Everaldo, 54).
«Chelsi» — Sanches, Gyusto (Jeyms, 68), Adarabioyo, Chaloba, Kukurelya, Kaysedo, Fernandes (Santos, 86), Palmer, Nkunku (Dyuzberi-Holl, 86), Netu (Madueke, 68), Pedro (Jekson, 60).
Ogohlantirishlar: Nonato (59), Soteldo (72), Sanches (73).

Ikki qariya va muammolar

«Chelsi» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida xuddi Braziliya bo‘ylab turne uyushtirayotgandek bo‘lmoqda. Ko‘klar guruh bosqichida dominant futbol namoyish eta oladigan «Flamengo»ga yutqazib qo‘ygandi (1:3), chorakfinalda xuddi shu kabi kuchli «Palmeyras» to‘sig‘idan o‘tdi (2:1). To‘liq komplekt uchun faqat «Botafogo»ga qarshi o‘yin yetishmadi, turnirda maksimal darajada yopiq futbol namoyish etgan jamoa nimchorakfinalda «Palmeyras»ga yutqazib (0:1), turnirni tark etgandi. «Fluminense» esa Braziliyaning eng uzoqqa yetib borgan jamoasi bo‘ldi. Bu ko‘p jihatdan jamoa bosh murabbiyi Renatu Gaushning xizmatidir.

Braziliya chempionatida oltinchi o‘rinda borayotgan ushbu jamoa tarkibi mamlakatning klublar o‘rtasidagi mundialga kelgan boshqa vakillariga qaraganda kamtarroq. 44 yoshli darvozabon Fabio va 40 yoshli Tiagu Silva kabi tajribali yulduzlar bor. Kolumbiyalik Arias va 37 yoshli argentinalik hujumchi Kano qiyofasidagi qit’a darajasidagi yulduzlar ham. Shu bilan birga, «Flu» diskvalifikatsiya tufayli ikki muhim futbolchisining o‘rnini bosa oladigan futbolchi topolmadi. Albatta, Erkules turnir davomida ikkita muhim gol urdi, ammo uning darajasi Martinelliniki bilan tenglasholmaydi, AQSHda faqat 18 daqiqa o‘ynagan faxriy futbolchi Tiagu esa Freytes kabi harakatlanolmasdi. Bundan tashqari, Samuel Shaver jarohat olgani tufayli markaziy himoyachi Gugani o‘ng qanotda o‘ynatishga to‘g‘ri keldi.

O‘zingdan chiqqan balo

Enso Mareska bunday fonda o‘z jamoasining qiyinchiliklaridan nolishi adolatdan bo‘lmasdi. Chorakfinalda tayanch zonasini qaytadan tashkil etishiga to‘g‘ri kelgan «Chelsi»da bu o‘yin arafasida muammolar yo‘q edi ham. Endi tarkibga Kaysedo qaytgan, Koluill va Delapning yo‘qligini bilintirmaslik keng tarkibga ega londonliklar uchun qiyin emasdi. Jamoa hujum chizig‘i uchun bir hafta oldin Joau Pedruni xarid qilgan va uni pley-off o‘yinlari uchun zayavka qilgandi.

Aynan ushbu futbolchi 18-daqiqada hisobni ochdi. «Chelsi»ning sobiq futbolchisi Silva to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishda muvaffaqiyatsiz harakat qildi va hujumchi o‘ng oyog‘ida aylanma zarba yo‘lladi va o‘yin oldidan va’da qilganidek yangi jamoasi safidagi ilk golini nishonlamadi. Oy boshida «Brayton»dan 60 mln funtga sotib olingan futbolchi tribunalarni to‘ldirib o‘tirgan «Fluminense» muxlislaridan uzr ham so‘radi, u 10 yoshida ushbu klub akademiyasiga qabul qilingan va bir yil asosiy jamoada o‘ynab, 18 yoshida Yevropaga yo‘l olgandi.

«Chelsi» hujumkor o‘ynashda davom etdi, faqat brazillar — bu turnirda bir necha bor kuzatilganidek — zarbalarga dosh bera olishi hamda kuchli pressing ostida ham o‘z vaziyatlarini topa olishini namoyish etishdi. Dastlab 26-daqiqada bunday vaziyat Erkulesda yuzaga keldi. U to‘pni darvozabonning yonidan o‘tkazdi, ammo zarba kuchli emasdi va Kukurelya to‘pni chiziq ustida qaytarib qolishga ulgurdi.

Yana o‘n daqiqa o‘tib ijro etilgan standart vaziyatdan keyin to‘p Chalobaning qo‘liga tegdi, bosh hakam Fransua Letekse 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, ammo videohakamlar uni monitor qarshisiga chaqirishdi. Videotakrorni ko‘rganidan keyin esa hakam qarorini o‘zgartirdi, u bu holatda himoyachining qo‘li tabiiy holatda bo‘lgan deb topdi.

Bo‘limning so‘nggi daqiqasida esa raqib jarima maydoni markazida bo‘sh qoldirilgan Erkules Guganing ajoyib uzatmasidan keyin to‘pni darvozaga to‘g‘rilab yubora olmadi.

Gaushning tavakkalchiligi

Tanaffusda «Chelsi» shtabi kerakli xulosalar chiqardi va kerakli o‘zgartirishlarni amalga oshirdi. Ikkinchi bo‘limda ko‘klar jamoasi to‘pni o‘z nazoratiga olib, brazillarni pozitsion hujumlar bilan holdan toydira boshladi. Londonliklar qisqa paslar bilan vaqtni o‘ldirishdi va kutilmaganda hujumga o‘tib raqibni dog‘da qoldirishga harakat qilishdi. Shunday hujumlardan birida Kukurelyaning zarbasidan keyin to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi.

Gaush esa bunday o‘yin bilan natijaga erishib bo‘lmasligini bilib, tavakkalchilikka qo‘l urdi va pley-offda ilk bor uch markaziy himoyachiga asoslangan sxemasidan voz kechdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Everaldo yaqin burchakka zarba berib, Sanchesni qahramonlik ko‘rsatishga majbur qildi, boshqa bir joker — Keno esa yana bir istiqbolli hujum uyushtirdi, bu vaziyatlar londonliklar shtabi uchun o‘yin o‘zgara boshlagani haqidagi ogohlik qo‘ng‘irog‘i edi. Ammo bu holat uzoq davom etmadi — «Chelsi» raqib himoyasida bo‘shliqlarga ega bo‘ldi. Raqib futbolchilari qo‘pol o‘ynasa ham.

Bu Palmerni to‘xtata olmadi. Koul raqibning ikki futbolchisi tashlanishidan keyin oyoqda turdi va himoyadan chiqishda to‘pni o‘zida saqlab qoldi, Enso Fernandes esa Joau Pedruni oldinga tashladi, u himoyachi Ignasioni osonlik bilan aldab o‘tib, yana bir chiroyli zarba bilan o‘yin taqdirini amalda hal qildi va yana bir bor «Flu» muxlislaridan uzr so‘radi.

Raqib futbolchilari esa uni baribir kechirishmadi, ikkinchi goldan bir necha daqiqa o‘tib Nonato uning oyog‘iga zarba berdi. O‘yin qahramoni jarohatdan qutulib qoldi, ammo Mareska uni asrashga qaror qildi va zaxiraga oldi. Uning o‘rniga tushgan Nikolas Jekson esa nega zaxira futbolchisiga aylanib qolganini namoyish etdi. U markazda, bo‘sh darvoza qarshisida turgan Palmerga pas berish o‘rniga to‘pni darvozaning tashqi tomoniga tepdi.

Qolgan daqiqalarda Silva Kristofer Nkunkuning zarbasidan keyin darvozabondan o‘tib, darvozaga kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatib, «Fluminense»ni yirik mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Brazillar turnirni boshni baland ko‘targan holda tark etishi mumkin. «Chelsi» esa kutilmaganda finalga yetib keldi va o‘zining ikkinchi qat’alararo titulini qo‘lga kiritishga harakat qiladi. 2012 yilgi birinchi urinishda jamoa «Korintians»ga yutqazgandi, to‘qqiz yil o‘tib esa «Palmeyras» mag‘lub etilgandi. Endi final Yevropa vakiliga («PSJ» va «Real» juftligi g‘olibi) qarshi kechadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zingdan chiqqan balo: Joau Pedru sobiq jamoasini ayamadi va «Chelsi»ni finalga olib chiqdi