date

Ulug‘bek Rashidov diskvalifikatsiyasiga aniqlik kiritdi – haqiqat nimada?

Ulug‘bek Rashidov diskvalifikatsiyasiga aniqlik kiritdi – haqiqat nimada?
Taekvondo bo‘yicha ikki karra Olimpiada g‘olibi Ulug‘bek Rashidov o‘zining Instagram orqali ikki yillik chetlatilish sababini tushuntirdi.

«Assalomu alaykum, qadrli do‘stlar. Ko‘plar bu xabarni eshitgan bo‘lsangiz kerak — men ikki yillik diskvalifikatsiyaga uchraganim ma’lum bo‘ldi. Bir narsani jon-jahd bilan ta’kidlashni xohlayman: menga berilgan jazo hech qanday noqonuniy dori vositalarini qabul qilganim uchun emas. Bu jazo manzil ma’lumotlari to‘g‘risidagi qoidalarga amal qilmaslik natijasida yuzaga keldi», — deb yozadi sportchi.

Rashidovning ta’kidlashicha, bu holat uning uchun og‘riqli, biroq juda ham katta hayot maktabi bo‘ldi.

«Biz albatta kuchliroq bo‘lib qaytamiz, Alloh nasib qilsa. Menga ishonch bildirgan va har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan barcha insonlarga chuqur minnatdorligimni bildiraman», — deb izoh beradi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir sportchi har kuni qayerda ekanligini, qayerda qolishini va qayerga safar qilmoqchi ekanini maxsus dastur orqali kiritib borishi shart.

«Mendagi holat noyabr oyida sodir bo‘ldi. Ular ertalabki 6:00 da keldi. Holbuki, men dasturda kechki 21:00 ni ko‘rsatgan edim. Ertalab tashrif bo‘lishi mumkinligini mutlaqo kutmaganman. Hatto menga qo‘ng‘iroq ham qilishmadi — shunchaki SMS yuborishdi», — deya yozadi Rashidov.

Bu voqeadan keyin sportchiga rasmiy xat yuborilib, qonunbuzarlik amalga oshirilgani va shu tufayli diskvalifikatsiya belgilangani ma’lum qilingan.

«So‘nggi bor 22 aprel kuni kelishib, mendan doping nazorati uchun namuna olishdi. Ular tahlillarim mutlaqo sof ekanligini tasdiqlashdi va shunga qaramay, qaror o‘zgarmadi», — deb izoh qo‘shdi Olimpiya chempioni.

Xalqaro doping tekshiruv agentligi (ITA) ma’lum qilishicha, 23 yoshli sportchi 12 oy ichida uch bor manzilini noto‘g‘ri ko‘rsatgan. Bu esa qoidalar buzilishi sifatida baholanadi, chunki bu holat kutilmagan tekshiruvlarni o‘tkazishga xalal beradi.

Rashidovning chetlatilishi 2025 yil 13 maydan boshlanadi va 2027 yil 12 maygacha amal qiladi. Ushbu muddat uning xohishi bilan vaqtincha to‘xtatib turish sanasi asosida hisoblanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ulug‘bek Rashidov diskvalifikatsiyasiga aniqlik kiritdi – haqiqat nimada?