
Superligada ikki oylik samarador faoliyat o‘z bahosini oldi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, “Bunyodkor” jamoasi bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev iyun va iyul oylarining eng yaxshi murabbiyi deb topildi.
Zeytullayevning qo‘l ostida "qaldirg‘ochlar" so‘nggi ikki oyda ko‘pchilik uchun kutilmagan natijalarni qayd etib, murabbiyning taniqli strateg sifatida shakllanib borayotganini yana bir bor namoyon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jamoa mazkur davr mobaynida 5 ta uchrashuv o‘tkazdi. Shularning 4 tasida g‘alaba qozondi, yana bitta bellashuvda durang natija qayd etildi. Ushbu yuksak natijalar orqali "Bunyodkor"ning o‘yini nafaqat ochkolar jihatidan, balki uslub, intizom va falsafa nuqtayi nazaridan ham jiddiy o‘zgarganini ko‘rsatdi.
Umumiy hisobda jamoa raqiblar darvozasiga 10 ta to‘p kiritgan bo‘lsa, o‘z darvozasidan 4 to‘p o‘tkazib yuborgan. Bu esa nafaqat hujumda, balki himoyada ham muvozanat saqlanganini ko‘rsatadi.
Ilyos Zeytullayev uchun bu mukofot – uning mashq jarayonlariga, taktik yondashuviga va jamoa bilan o‘rnatgan munosabatlariga berilgan munosib bahodir. Uning rahbarligidagi “Bunyodkor” so‘nggi paytlarda yana ommaviy e’tibor markaziga tushmoqda. Jamoaning harakatlarida yakdillik, intizom va murabbiyning qo‘li sezilib turibdi.
Aytish kerakki, Zeytullayevning rahbarligida jamoa nafaqat ochkolar to‘playapti, balki muxlislar qalbini ham qayta qozona boshlagani kuzatilmoqda. “Bunyodkor” o‘yinlariga bo‘lgan qiziqish yana ortib bormoqda.
Shu bilan birga, mutaxassisning raqobatbardoshligi va turnir jadvalida yuqori pog‘onalarga intilayotgan boshqa klublar bilan tenglasha olishi kelgusida ham uning rahbarligidagi jamoadan yanada katta natijalar kutishga asos bo‘ladi.
Ilyos Zeytullayevning muvaffaqiyati — bu faqat uning shaxsiy yutug‘i emas, balki butun “Bunyodkor” jamoasining birgalikda qayd etgan muvaffaqiyatidir. Bu esa murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi ishonchli aloqalar va samarali hamkorlik natijasi sifatida baholanmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar