
Yevropa futbolida darvozabon masalasi eng nozik nuqtalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, doimiy sovrinlarga intiluvchi grand klublar uchun. Shu ma’noda, “Manchester Siti”dagi so‘nggi holat ko‘pchilikni o‘ylantirishi turgan gap. Jamoaning asosiy kiperi Ederson ancha vaqtdan beri boshqa jamoaga o‘tishni istab kelmoqda. Shu bois, “shaharliklar” oldindan ehtiyot chorasini ko‘rishga kirishgan.
Futbol olamidagi eng ishonchli manbalardan biri – insayder Fabritsio Romano yozganidek, Xosep Gvardiola tarkibdagi ikki tajribali darvozabon – Ederson va Shtefan Ortega bilan bog‘liq vaziyatdan qat’i nazar, klub kelajagini kafolatlay oladigan yangi nomni allaqachon belgilab qo‘ygan. Bu nom – Jeyms Trafford.
Trafford “Manchester Siti” akademiyasida yetilib chiqqan va keyinchalik tajriba to‘plash maqsadida “Byornli” safiga yo‘l olgan edi. Keyingi ikki mavsumda u aynan “Byornli”ning asosiy tarkibida o‘ynab kelmoqda va o‘zini ishonchli kiper sifatida namoyon etgan. Shu bois “Siti” rahbariyati uni qaytarish imkoniyatidan foydalanmoqchi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, klublar o‘rtasida 22 yoshli darvozabonning transferi bo‘yicha muzokaralar boshlangan. Eng qizig‘i, “Manchester Siti”da uni qayta sotib olish huquqi saqlanib qolgan. Bu esa ularga muhim taktik va moliyaviy afzallik beradi.
Jeyms Trafford hozirda “Byornli” bilan 2027 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma asosida to‘p surmoqda. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 22 million yevro atrofida baholagan. Bu, ayni paytda, uning iqtidori va talab darajasini ko‘rsatadi.
“Siti”da darvozabon masalasida ehtiyotkor va uzoqni ko‘zlab ish tutilayotgani ma’lum. Agar Ederson yoki Ortega jamoani tark etsa, klub murabbiylar shtabida Jeyms Trafford kabi tayyor variant mavjud. Uning qaytishi jamoaga yangi ruh, raqobat va istiqbol bag‘ishlashi mumkin.
Futbol ishqibozlari esa bu transfer orqali Gvardiolaning kelajak uchun qanday rejalar qilayotganini yana bir bor ko‘rdi. Ehtimol, yaqin orada “Etixad”dagi asosiy kiper o‘zgarishi mumkin. Ammo eng muhimi – “Siti” buni ham oldindan his qilib, chorani topib qo‘ydi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar