
Yurtimizda futbol muhokamalari tobora qizimoqda. Ayniqsa, terma jamoaga yangi murabbiy tayinlanish ehtimoli haqidagi gap-so‘zlar muxlislarni befarq qoldirmayapti. Shu munosabat bilan tajribali futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev SPORTS.uz'ning “Uchtasi bittada” (3v1) podkastida qatnashib, shu masalaga alohida to‘xtalib o‘tdi.
U o‘z chiqishida muhimi qaysi murabbiy emas, balki qancha muddatga va qanday vazifa bilan kelishi ekanini alohida ta’kidladi. Nikimbayevga ko‘ra, agar murabbiy bir yoki bir yarim yilga jalb etiladigan bo‘lsa, u holda maqsad aniq belgilanishi kerak: jahon chempionatiga chiqishmi, Osiyo Kubogida yaxshi o‘ynashmi, yoki faqat "naqsh" uchun kelishmi?
Uning so‘zlariga qaraganda, hozirgi tarkibdagi futbolchilarning yarmidan ko‘pi 30 yoshdan oshgan. Bu esa yaqin kelajakda avlodlar almashinuvi bo‘lishiga ishora. Shu bois, murabbiy nafaqat natija uchun, balki yangi terma jamoani qurishga ham mas’ul bo‘lishi kerak.
Nikimbayev shunday deydi: “Bugun Lyov, ertaga Bilich, faqat bir turnir uchun kelsa, bu o‘zgarishning umri qisqa bo‘ladi. Bizga muvaffaqiyat emas, barqarorlik kerak. Yangi futbolchilarni yaxshi bilgan Kapadze singari mutaxassislarga ishonish lozimmi? Yoki chetdan keladigan, ammo uzoq muddatli reja bilan ishlaydigan murabbiyga tayanamizmi? Buni faqat O‘FA hal qiladi.”
U shuningdek, Katanetsning uslubi futbolchilarga moslashganini, lekin muxlislar va jurnalistlar tomonidan tanqid qilinganini ham esga oldi. Bu esa hozirgi uslub ham, avlod ham yangilanishga muhtoj ekanini ko‘rsatadi.
Nikimbayev so‘nggi so‘zini shunday yakunladi: “Biz gapiramiz, tahlil qilamiz, lekin qarorni faqat milliy futbol tizimini boshqarayotganlar qabul qiladi. Ular mas’uliyatni his qilib, to‘g‘ri tanlov qilishlari kerak.”
Bu fikrlar orqali Nikimbayev terma jamoamiz kelajagi faqat "ism" bilan emas, balki reja, strategiya va mas’uliyat bilan bog‘liq ekanini anglatmoqda. Muxlislar esa hozircha kutib turishdan boshqa chora ko‘rmayapti. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar