
“Manchester Siti” klubi darvozabon masalasida jiddiy o‘zgarishlarni muhokama qilmoqda. Taniqli insayder Fabritsio Romano tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, “shaharliklar” tarbiyalanuvchisi Jeyms Trafford o‘z klubiga qaytishga tayyor ekanligini bildirgan. Bu haqda Fabritsio Romano ma’lum qildi.
Aytish kerakki, Trafford hozirda "Bernli" klubi tarkibida to‘p surmoqda va u yerda ham o‘zining iqtidorini keng namoyon eta oldi. Uning himoyadagi ishonchi va pastdan boshlanadigan hujumlardagi ishtirokini mutaxassislar alohida ta’kidlab kelmoqda.
Hozirgi vaqtda “Siti” rahbariyati Traffordni qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Ammo masala faqat futbolchining roziligida emas. Chunki “Bernli” bilan amaldagi shartnomaga ko‘ra, “Manchester Siti” uni qayta sotib olish uchun 40 million funt to‘lashi kerak. Bu esa hatto ingliz klublari uchun ham katta mablag‘ hisoblanadi.
Shu bois, “shaharliklar” transfer to‘lovini pasaytirishga harakat qilmoqda. Klubning umidi shundaki, "Bernli" rahbariyati ham muzokaralarga ochiq va konstruktiv yondashadi.
Bu voqealar ortida yana bir jiddiy sabab bor — braziliyalik asosiy darvozabon Edersonning ehtimoliy ketishi. Turkiyaning yetakchi klublaridan biri — “Galatasaroy” bilan bog‘liq xabarlar bunga ishora qilmoqda. Bir necha mashhur nashrlar, jumladan fotomac.tr ham, Edersonning boshqa chempionatda o‘ynashni istashi haqida yozdi.
Edersonning “Siti” safini tark etishi ehtimoli yuqori. U klub bilan barcha asosiy sovrinlarni qo‘lga kiritgan, jumladan Chempionlar Ligasi va Angliya chempionligini. Shu sababli, yangi motivatsiya va yangi chaqiriqlar uni jalb etayotgan bo‘lishi mumkin.
Trafford esa aynan shu paytda jamoaga qayta qo‘shilsa, yosh bo‘lishiga qaramay, asosiy tarkib uchun jiddiy nomzodga aylanishi mumkin. Uning “Siti” akademiyasida shakllangani va Pep Gvardiola uslubiga tanishligi muhim omillardan biri bo‘lib turibdi.
Yaqin kunlarda bu masala yuzasidan aniq qaror chiqishi kutilayapti. Traffordning qaytishi faqat klub emas, balki Angliya terma jamoasi uchun ham katta plyus bo‘lishi mumkin. Chunki u 21 yoshlilar terma jamoasida ham o‘zini ko‘rsata olgan edi.
Futbol muxlislari esa hozircha bu transferdagi har bir qadamni diqqat bilan kuzatib turishmoqda. Ederson ketadimi? Trafford qaytadimi? Hammasi tez orada ma’lum bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar