date

Tim Kexill: O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinga qaytishga yo‘l qoldirmaydi

Tim Kexill: O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinga qaytishga yo‘l qoldirmaydi
Avstraliyalik afsonaviy futbolchi Tim Kexill O‘zbekiston terma jamoasi haqida o‘z fikrlarini bildirib, ularning o‘yini va mamlakatdagi futbol tizimiga yuqori baho berdi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda o‘zbek futboli jiddiy o‘sish va islohotlar bosqichiga kirgan.

Tim Kexill – Avstraliya terma jamoasi safida 14 yil to‘p surgan va bir necha jahon chempionatlarida ishtirok etgan taniqli futbolchi. Uning aytishicha, O‘zbekistonda yoshlar futboliga investitsiyalar oshib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Endi mamlakatda har qanday professional klub faoliyatini boshlash uchun futbol akademiyasiga ega bo‘lish majburiy talab sifatida qo‘yilgan.

“Bu e’tiborli yondashuv. Bu orqali O‘zbekiston futbolini yanada barqaror va kuchli asosga qurish mumkin. Faqat hozir emas, balki kelajak uchun ham bu juda to‘g‘ri strategiya,” — dedi Kexill.

U terma jamoamizning maydondagi harakatiga ham alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston jamoasi jips, o‘zgarishlarga tez moslasha oladigan va har bir epizodda maksimal kuch bilan harakat qiladigan jamoadir.

“Agar ular birinchi bo‘lib gol ursa, o‘yinga qayta kirish ancha murakkab bo‘ladi. Ular o‘yin oxirigacha kurashishadi. O‘zlarini yo‘qotmaydi, intizomli, harakatchan va juda yaxshi tashkil etilgan jamoa,” — deya fikr bildirdi u.

E’tiborlisi, Tim Kexill 2004 yildan 2018 yilgacha Avstraliya terma jamoasining asosiy o‘yinchilaridan biri bo‘lgan. U shu yillar davomida bir necha bor O‘zbekistonga qarshi o‘yinlarda ishtirok etgan va raqibni shaxsan to‘liq his qilgan futbolchilardan hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mana shunday raqobatbardosh va rivojlanayotgan jamoaga qarshi o‘ynash doim katta mas’uliyat talab etadi.

Mana shunday e’tiroflar orqali yana bir bor ayon bo‘lyapti: o‘zbek futboli xalqaro miqyosda e’tiborga loyiq. Endilikda eng asosiysi – bu yo‘nalishdagi islohotlarni uzluksiz davom ettirish va terma jamoani xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga yetaklashdir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tim Kexill: O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinga qaytishga yo‘l qoldirmaydi