Abbosbek Fayzullayevning yangi mavsumiga katta e’tibor qaratilyapti. Chunki milliy terma jamoamizning 2026 yil yoz oyidagi jahon chempionatida ilk bor ishtirok etishi katta tarixiy voqelikdir.
Bundan tashqari, mundialda yurtimiz muxlislari Fayzullayevdan alohida umid qilmoqda. U yoshiga qaramasdan, mintaqaviy saralash bosqichida o‘zining yetakchilik salohiyatini namoyon etdi, qiyin vaziyatlarda faol o‘yini, zarbalari va golli uzatmalari bilan bosh terma jamoamizning muvaffaqiyatlariga sezilarli hissa qo‘shdi.
Abbosbek Fayzullayev bugun milliy jamoaning eng muhim figuralaridan biriga aylangan. Mundialga qadar sport formasini yuqori darajada saqlab qolishi va mavsum davomida muntazam ravishda maydonga tushishi lozim. Ayniqsa, bu uning kelajakdagi muvaffaqiyati uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Hozirda 21 yoshli futbolchimiz Turkiya chempionatida kuchini sinab ko‘rish arafasida turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Istanbul Bashakshehir” klubi Abbosbek Fayzullayev uchun SSKAga 7,5 million yevro miqdorida tovon puli to‘lamoqchi. Shuningdek, kelishuv turli bonuslar hisobiga 10 million yevrogacha yetishi mumkin.
Rossiya futbol ahli bu transfer haqida ko‘p gapiryapti. Turkiya futboli bo‘yicha tanlangan mutaxassislar, xususan, Elvin Kerimov o‘z fikrini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, “Istanbul Bashakshehir” muntazam ravishda Yevropa maydonlarida o‘ynab keladi, bu esa Abbosbek uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda klub Turkiya chempionatida eng yuqori o‘rinlar uchun kurasha olgani yo‘q. “Galatasaray” va “Fenerbahche” singari grandlar transfer va moliyaviy imkoniyatlari bilan boshqa klublardan oldinda. “Beshiktosh” ham ularga tenglasha olmayapti. Shu sababdan, mutaxassislar Fayzullayevning “Bashakshehir”da uzoq qolib ketmasligi, yanada kuchli chempionat yoki top-klublarga yo‘l olishi ehtimolini aytishmoqda.
Uning aytishicha, Abbosning boshqa takliflarni kutishi unchalik to‘g‘ri qaror emas edi. Turk klubining taklifi futbolchining o‘zi va SSKA uchun ham foydali bo‘ldi. Baxtiyor Zaynutdinov va Eldor Shomurodov kabi futbolchilarning ham Turkiyada o‘ynashi Abbosga iloji boricha tezroq moslashishga yordam beradi.
Turkiya sharoiti, madaniy muhiti va hayot tarzi Osiyo va yurtimiz futbolchilari uchun juda qulay. Shu sababli Fayzullayev uchun yangi klubdagi faoliyati katta imkoniyatlar olib kelishi mumkin, deya fikr bildirgan Elvin Kerimov.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor” maktabida tarbiya topgan va 2023 yilning avgustida SSKA klubi uni 500 ming yevro evaziga jamoasiga qo‘shib olgan edi.
Fayzullayev Rossiyadagi debyut mavsumidayoq taniqli futbolchilar qatoridan joy oldi, Premer-liganing asosiy kashfiyoti deb topildi. “Armiyachilar” safidagi faoliyati ham ko‘plab muxlislar tomonidan e’tirof etildi.
U shunchaki yorqin o‘yini bilan emas, bir qator individual sovrinlar egasiga aylandi, SSKA bilan birga Rossiya chempionatida bronza medalini, mamlakat kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi.
Abbosbek Fayzullayevning yangi sahifasi endi Turkiyada ochilishi kutilmoqda. Unda yangi imkoniyatlar, yangi tajribalar va yanada yuqori natijalar uchun yo‘l ochiq. Muxlislar esa undan katta umidda.
Fayzullayevda yangi sahifa: turk klubidagi imkoniyatlar va kelajak rejalari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar