Yangi mavsum oldidan futbol muxlislarining e’tibori “Istanbul Bashakshehir”ning yangi a’zosi, o‘zbek terma jamoasining yosh va iqtidorli hujumkor o‘yinchisi Abbosbek Fayzullayevga qaratilgan. Ayniqsa, Rossiya chempionatini kuzatib borganlar uchun Fayzullayevning SSKAdan ketishi hali ham dolzarb mavzulardan biri bo‘lib turibdi.
Ko‘pchilik ekspert va murabbiylar Abbosning Moskva klubidan ketishini turlicha baholashmoqda. Masalan, “Zenit” bosh murabbiyi Sergey Semak shunday deydi: “Abbos oxirgi vaqtlarda asosiy tarkibga kamroq kiritilayotgandi, SSKAda o‘yin tizimini tashkil etadigan futbolchilar safida qololmadi. Bu Marko Nikolich tomonidan joriy etilgan taktik sxemaga bog‘liq. Afsuski, u sxemaga Fayzullayev to‘liq mos kelmadi, natijada maydondagi daqiqalari kamaydi va boshqa klubga o‘tishga qaror qildi. Shunga qaramasdan, Rossiyada faoliyati davomida juda yoqimli taassurot qoldirdi. Yangi jamoasida omad va yangi yutuqlar tilayman”.
Mashhur mutaxassis Sergey Kiryakov esa quyidagicha fikr bildiradi: “Abbosbek Fayzullayev va Vilian Roshaning ketishi SSKAga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Lotin Amerikasidan kelayotgan yoshlar qanchalar iqtidorli bo‘lmasin, ularning moslashishiga yetarli vaqt berilmaydi. SSKA uchun bu kelajak emas, jamoa jiddiy natijalarga intilmay qolayotgan ko‘rinadi. Muxlislar chempionlik uchun kurashni sog‘inishgan, ammo yetakchi o‘yinchilar ketmoqda va yangi murabbiylar kelmoqda. Baribir, yaqin orada jamoa yana kuchli o‘yinlar ko‘rsatishiga umid qilamiz”.
Jamoa yetakchilaridan biri, mashhur darvozabon Igor Akinfeyev esa yumor bilan shunday fikr bildirdi: “Bizni palov yeyishga o‘rgatib, o‘zi uchib ketdi. Abbos, omad!”
SSKA futbolchisi Milan Gayich esa bugungi kundagi haqiqiy legionerga xos samimiyat bilan o‘zining tilaklarini yo‘lladi: “Abbos biz bilan chiroyli xayrlashib ketdi. Men unga yangi jamoasida omad tilayman. U nafaqat yaxshi inson, balki maydonda o‘z so‘zini ayta oladigan iqtidorli futbolchi. Fayzullayev Turkiyada ham o‘z salohiyatini namoyish qilishiga va katta musobaqalarda yaxshi ishtirok etishiga ishonaman”.
Ma’lumot uchun, Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor”dan SSKAga 2023 yil avgustida kelgan edi. Ikki mavsum davomida u Moskva jamoasi tarkibida 72 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol va 22 ta assist bilan o‘zini ko‘rsata oldi. Fayzullayev Rossiya chempionati bronza medali, mamlakat kubogi va Superkubogi sohibi, Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan.
SSKAdan Turkiyaga yo‘l olgan Fayzullayev yangi jamoasida ham muxlislar ishonchini oqlashga va yangi zafarlarga erishishga intilmoqda. Unga yangi mavsumda omad va ilhom tilaymiz!
Abbosbek Fayzullayev haqida rossiyalik futbolchilar va mutaxassislar fikri
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar