Janubiy Koreya terma jamoasi yetakchisi va “Tottenxem” klubining tajribali futbolchisi Son Xyon Min faoliyatida yangi bosqichga qadam qo‘yishi mumkin. 33 yoshli vingerga Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi mashhur jamoa — “Los-Anjeles” tomonidan juda jiddiy va moliyaviy jihatdan jozibali taklif berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "Los-Anjeles" klubi Son Xyon Minga har yili 20 million AQSH dollari atrofida maosh taklif qilmoqda. Bu haqda transfer masalalari bo‘yicha ishonchli manba sanaluvchi italiyalik jurnalist Nikolo Skira xabar tarqatdi. Uning ta’kidlashicha, agar ushbu shartnoma amalga oshsa, Son MLS tarixidagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilardan biriga aylanadi.
Ayni paytda MLSda maosh bo‘yicha mutlaq peshqadam sifatida Lionel Messi tan olingan. Argentinalik super yulduz “Inter Mayami” klubida faoliyat yuritar ekan, har bir mavsum uchun 20,45 million dollarlik daromadga ega. Agar Son ham AQSHga yo‘l olsa, uning maoshi Messidan sal kam bo‘lishiga qaramay, baribir eng ko‘p to‘lanadigan futbolchilar qatoriga kiradi.
Shu bilan birga, avvalroq "Tottenxem Xotspur" klubi rahbariyati Son Xyon Minning klubni tark etayotganini rasman ma’lum qilgan edi. Shu munosabat bilan, futbolchining kelajakdagi manzili keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Manbalarning yozishicha, “shporlar” futbolchi uchun 20 million funt miqdorida daromad olishga umid qilmoqda.
Son Xyon Minning AQSHga yo‘l olishi nafaqat moliyaviy jihatdan manfaatli bo‘lishi, balki uning brend qiymatini ham yanada oshirishi mumkin. MLS so‘nggi yillarda bir qator yulduzlarni jalb etgani, bu ligaga bo‘lgan qiziqishni sezilarli darajada oshirdi. Son kabi yuqori darajadagi futbolchining kelishidan esa nafaqat klub, balki butun Amerika futboli foyda ko‘radi.
Endilikda barcha diqqat Son Xyon Minning qarorida. U jahon futboli sahnasidan chekinmay, yangi mamlakat va yangi muhitda o‘zini sinab ko‘radimi yoki Yevropa futbolidagi yo‘lini davom ettiradimi — bu savolga yaqin kunlarda aniq javob olishimiz mumkin.
Son Xyon Minga AQSHdan rekord maoshli taklif tushdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar