date

Bokschilarimiz Bangkok ringlarini "yondirmoqda"...

Bokschilarimiz Bangkok ringlarini "yondirmoqda"...

Osiyo chempionatida 22 yoshgacha bo‘lgan va yoshlar toifasida ishtirok etayotgan bokschilarimiz Tailanddagi musobaqada kutilganidan ham yuqori natijalar qayd etmoqda. Xabaringiz bor, 30 iyuldan 12 avgustgacha Bangkok shahri mazkur nufuzli musobaqaga mezbonlik qilmoqda.

Tongda yosh bokschilarimiz ringga chiqib, muxlislarni yangi g‘alabalar bilan xursand qilgan bo‘lsa, kunning ikkinchi qismida 22 yoshgacha bo‘lgan milliy terma vakillari chorak finalda o‘z mahoratlarini namoyon etishdi.

-55 kg vazn toifasida Abdulaziz Abdunazarov Gong Kong vakili Kit Fu Tangni ilk raunddayoq texnik nokautga uchratdi va muxlislarni quvontirdi.

-60 kgda Abdurahmon Mahmudjonov qirg‘izistonlik Erlan Ergashovni 5:0 hisobida ishonchli tarzda mag‘lub etdi.

-65 kgda Jahongir Zayniddinov musobaqa mezboni Natthangpong Pimsenni 5:0 hisobida yengib, chorak finalga yo‘l oldi.

Qizlar o‘rtasida ham vakillarimiz g‘alabadan g‘alabaga erishmoqda:

-48 kg vazn toifasida Robiyaxon Baxtiyorova Shri-Lanka sportchisi Chathuri Sirivardaga qarshi jangda 5:0 hisobida ustunlik qildi va yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

-51 kgda Gulsevar Ganiyeva xitoylik Junya Fengni 5:0 hisobida mag‘lub etgan holda, yana bir yarim finalchi sifatida maydonga chiqdi.

-54 kgda Uzukjamol Yunusova yaponiyalik Seina Adachi ustidan oson g‘alabaga erishdi – 5:0.

-57 kg vazn toifasida Xumorabonu Mamajonova indoneziyalik Nurul Izza Nukuheheni ikkinchi raunddayoq texnik nokautga uchratdi va musobaqada yana bir g‘alabaga erishdi.

Musobaqadagi ushbu natijalar milliy terma jamoamizning yoshlar va katta avlod vakillari qanchalik puxta tayyorgarlik bilan tayyorlanganini yana bir bor namoyon qildi. Bokschilarimiz musobaqaning har bir bosqichida yuksak fidoyilik va sport ruhini namoyon etmoqda.

Yosh vakillarimizning shunday muvaffaqiyatli qatnashishi muxlislar uchun faxr va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Chempionatdagi yanada katta zafarlar oldimizda!

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bokschilarimiz Bangkok ringlarini "yondirmoqda"...