Yosh bokschilarimiz Minskda porladi, 12 ta medal qoʻlga kiritildi

22–27 aprel kunlari Belarus poytaxti Minsk shahrida xizmat koʻrsatgan murabbiy V.V. Botvinnik xotirasiga bagʻishlangan xalqaro ochiq turnir boʻlib oʻtdi. Ushbu nufuzli musobaqada ishtirok etgan oʻzbekistonlik yosh bokschilar yana bir bor oʻz salohiyatini namoyon qildi.
2010–2011 yillarda tugʻilgan sportchilarimiz jami 12 ta medalni qoʻlga kiritib, jamoaviy hisobda yuqori natija qayd etishdi. Ular 6 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan musobaqani yakunladi.
Ayniqsa, oltin medal sohiblari alohida eʼtiborga loyiq. -46 kg vaznda Abdulloh Ziyavitdinov, -52 kgda Islombek Furqatov va -54 kgda Ogʻabek Otamurodov raqiblariga imkoniyat qoldirmadi. Qizlar oʻrtasida ham natijalar quvonarli: Rayhona Alimxanova (-46 kg), Nafisa Bosimova (-50 kg) va Sabina Mirzayeva (-54 kg) chempionlikni qoʻlga kiritdi.
Kumush medal sohiblari ham munosib kurash koʻrsatdi. Mustafo Tursunboyev (-48 kg), Ilyos Zarifboyev (-50 kg), Hojiakbar Mirzamahmudov (-57 kg), Ulugʻbek Soliyev (-60 kg) va Abdurahmon Murtazayev (-63 kg) finalgacha yetib borib, yuqori natija qayd etdi.
Bronza medali esa -75 kg vazn toifasida Amirxon Salohiddinov hisobiga yozildi.
Jamoaning muvaffaqiyatida murabbiylar Moʻminjon Ahmedov, Aliyor Noraliyev va Nodirjon Irgashevning hissasi katta boʻldi. Shuningdek, musobaqada hakam sifatida ishtirok etgan Jahongir Soliyev ham mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi.
Qisqacha aytganda, yoshlar “ringda gap qildi”. Bu avlod hali katta arenalarni ham “portlatadi” — potensial bor, natija bor, ishonch bor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!