date

Yangi posbon ilk o‘yinida gol o‘tkazmadi va muxlislar qalbini zabt etdi

Yangi posbon ilk o‘yinida gol o‘tkazmadi va muxlislar qalbini zabt etdi

"Qo‘qon-1912" jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda (3:0) "Andijon" klubi safida birinchi bor maydonga tushgan qirg‘izistonlik darvozabon Erjan Tokotayev debyut o‘yini haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bahs faqat natija jihatdan emas, balki shaxsiy faoliyatida ham muhim ahamiyat kasb etgan.

Tokotayevning ta’kidlashicha, debyut o‘yinini o‘z stadionida, o‘z muxlislari oldida o‘tkazgani unda katta g‘urur tuyg‘usini uyg‘otgan. Ushbu bahsda jamoa yirik hisobda g‘alaba qozongani, eng muhimi, darvoza daxlsizligini saqlab qolgani uni juda mamnun qilganini alohida ta’kidladi.

– Ilk rasmiy o‘yinimni o‘tkazganimdan nihoyatda mamnunman. Bunday kayfiyatdagi atmosferada, o‘z maydonimizda muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlovi ostida o‘ynab, g‘alaba qozonganimiz meni ruhlantirdi. Shuningdek, ushbu uchrashuvda darvozamizga gol o‘tkazmasligim ham men uchun muhim natija bo‘ldi, – dedi Erjan.

Murakkab vaziyatlar, kuchli zarbalar va tezkor epizodlarga qaramay, Tokotayev o‘zini darvozada ishonchli namoyon qildi. Uning seyvlari muxlislar tomonidan olqish bilan qarshi olindi. Erjan zarbalar juda og‘ir bo‘lganini, lekin tayyorgarlik va diqqat tufayli ularni qaytarishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi.

– Darvozamiz sari yo‘llangan zarbalar, ayniqsa, birinchi bo‘limdagi vaziyatlar ancha jiddiy va xavfli edi. Biroq men har bir epizodda maksimal darajada jamlanib, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga urindim. Buni uddaladim deb o‘ylayman, – dedi u.

Darvozabon jamoadagi muhit va moslashish jarayoni haqida ham ijobiy fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, "Andijon"da jamoaviy ruh yuqori va futbolchilar o‘rtasidagi munosabatlar samimiy.

– Jamoamizga tezda moslashdim. Hamkasblarim juda iliq qarshi olishdi. Kirishib ketishda hech qanday qiyinchilik sezmadim. Ular bilan o‘zaro anglashuv yaxshi, – deydi Tokotayev.

Shuningdek, u "Andijon"ning muxlislari haqida ham samimiy fikr bildirdi va ularga alohida minnatdorchilik izhor etdi.

– Muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlovi juda yuqori darajada bo‘ldi. Ular butun o‘yin davomida men va jamoani ruhlantirib turishdi. Bu men uchun ilhom manbai. Ular eng yaxshi, top-darajadagi muxlislar. Bizga ishonishda va tayanch bo‘lishda davom etinglar. Biz hali ko‘p yaxshi o‘yinlar ko‘rsatamiz, – deya so‘zini yakunladi Erjan Tokotayev.

Futbolchi uchun muvaffaqiyatli debyut — katta karyeradagi mustahkam poydevor. Erjan Tokotayevning "Andijon"dagi ilk qadamlari shunday bo‘ldi. Endi uning kelgusi o‘yinlarida ham bunday ishonchli o‘yinlarini kuzatish kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yangi posbon ilk o‘yinida gol o‘tkazmadi va muxlislar qalbini zabt etdi