date

Jek Grilishni olib kelish uchun "Everton" harakatga tushdi

Jek Grilishni olib kelish uchun "Everton" harakatga tushdi

Angliya futbol muhitida yozning eng shov-shuvli xabarlaridan biri paydo bo‘ldi — “Everton” klubi Jek Grilishni o‘z tarkibiga qo‘shish maqsadida jiddiy muzokaralarni boshladi. Bu haqda futbol olamida o‘zining ishonchli manbalari bilan tanilgan insayder Fabritsio Romano ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Everton” bu kelishuvni faqat bir mavsumga mo‘ljallangan ijara asosida amalga oshirish niyatida. Ya’ni, futbolchini to‘liq sotib olish imkoniyati haqida hozircha hech qanday muhokama bo‘lgani yo‘q. Bundan tashqari, “Everton” klubi Grilishning ish haqini to‘liq emas, balki ma’lum qisminigina to‘lashga tayyor ekanini bildirgan.

Asli kelib chiqishi brimingemlik bo‘lgan Jek Grilish hozirgi kunda “Manchester Siti” jamoasida to‘p surmoqda. 29 yoshli hujumkor yarim himoyachi 2024/25 yilgi mavsumda Angliya Premer-ligasining 20 ta uchrashuvida qatnashib, bitta gol muallifi bo‘ldi. Uning samaradorligi o‘tgan mavsumlarga nisbatan pasaygani sababli, jamoa rahbariyati ham uning kelajagi borasida ikkilanib qolgani sir emas.

Ayni paytda Grilishga nisbatan boshqa klublar ham jiddiy qiziqish bildirmoqda. Ular orasida ham Premer-liga jamoalari, ham chet eldagi klublar borligi aytilmoqda. Biroq hozircha aynan “Everton” ilk qadamni tashladi va vaziyat rivojini kuzatishda davom etmoqda.

Grilish kabi katta potensialga ega bo‘lgan futbolchining “Everton”dagi ehtimoliy faoliyati klub uchun juda katta imkoniyat hisoblanadi. Agar kelishuv amalga oshsa, bu ham futbolchi uchun yangi sahifa, ham jamoa uchun kuchli tarkib shakllantirishdagi muhim qadam bo‘ladi.

Futbol ishqibozlari esa hozirdanoq Grilishning kelajagini qiziqish bilan kuzatmoqda. Qanday qaror qabul qilinishi, futbolchining yangi mavsumda qaysi libosda maydonga tushishi esa yaqin kunlarda aniq bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jek Grilishni olib kelish uchun "Everton" harakatga tushdi