date

Son Xyon Min “Los-Anjeles”ni nega tanladi? Sababi ortidagi hissiyotli so‘zlar

Son Xyon Min “Los-Anjeles”ni nega tanladi? Sababi ortidagi hissiyotli so‘zlar

Janubiy Koreya milliy terma jamoasining munosib sardori va ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan iqtidorli hujumchi — Son Xyon Minning AQSHga yo‘l olishi futbol olamida katta qiziqish uyg‘otdi.

Bilasiz, u Angliyaning nufuzli “Tottenxem” jamoasida uzoq vaqt faoliyat yuritgan, yuzlab gollar urgan va minglab muxlislar qalbidan joy olgan futbolchi hisoblanadi. Endi esa u yangi manzilga — Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi MLS chempionatining sharafini himoya qiluvchi “Los-Anjeles” klubiga qo‘shildi.

Uning “LAFK” safini tanlashi tasodif emas. Sonning aytishicha, bu qaror ortida katta hayajon, maqsad va o‘z oldiga qo‘yilgan ulkan vazifalar turibdi.

“Men “Los-Anjeles” kabi ulkan ambitsiyalarga ega bo‘lgan klubga qo‘shilganimdan g‘oyat mamnunman. Bu — dunyodagi eng mashhur va sport ruhi yuqori bo‘lgan shaharlardan biri. Bu yerda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq va chempionlik ruhi bor. Men esa shu muhitda yangi tarix yozishni niyat qilganman,” — deydi Son o‘z so‘zlarida.

Shuningdek, u yangi chaqiriqlar va sinovlarga doim tayyor ekanini, bu safar ham xuddi shunday ruhda harakat qilishini ma’lum qildi. “MLSdagi yangi bosqichni katta qiziqish va intizorlik bilan kutyapman. Men bu jamoa, bu shahar va bu ajoyib muxlislar uchun bor kuchimni sarflayman. Men bu yerga faqat bir maqsad bilan keldim — sovrinlar yutug‘ini ta’minlash,” — deya ta’rif berdi koreyalik yulduz futbolchi.

Uning so‘zlaridan ma’lumki, u faqatgina maydonda emas, balki ko‘ngilda ham yangi yo‘lni boshlamoqda. U yangi muhit, yangi jamoa va yangi imkoniyatlar bilan qaytadan barchani hayratda qoldirishni maqsad qilgan.

Ma’lumot uchun, 33 yoshli Son Xyon Min “Tottenxem” jamoasidan ketib, “Los-Anjeles” klubi bilan 2027 yil oxirigacha amal qiladigan shartnoma imzoladi. Shuningdek, shartnomani avval 2028 yilga, keyin esa 2029 yilning yozigacha uzaytirish imkoniyati ham mavjud.

Muxlislar esa endi Sonning MLSda qanday o‘yin namoyon etishini, yangi jamoasi safida qanday natijalar qayd etishini va AQSH futboliga qanday ta’sir ko‘rsatishini kuzatishadi.

Faqat bir narsa aniq — Son uchun yangi sahifa boshlandi va u unga butun borlig‘i bilan yondoshmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Son Xyon Min “Los-Anjeles”ni nega tanladi? Sababi ortidagi hissiyotli so‘zlar