date

Shomurodovning harakati “Bashakshehir”ni mag‘lubiyatdan olib chiqdi

Shomurodovning harakati “Bashakshehir”ni mag‘lubiyatdan olib chiqdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayevni o‘z tarkibiga qo‘shgan Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubi UYEFA Konferensiyalar ligasidagi yurishini ishonch bilan davom ettirmoqda. Jamoa bosqichma-bosqich kuchayib borayotgan turnirda yangi g‘alaba bilan ishni yakunladi.

Eslatib o‘tamiz, istanbulliklar saralashning ikkinchi bosqichida Bolgariyaning “Cherno More” jamoasini ikki o‘yin natijasida (1:0 va 4:0) ortda qoldirib, keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Endilikda esa ularni navbatdagi raqib – Norvegiyaning “Viking” klubi kutayotgan edi.

Qiyin boshlangan uchrashuv – g‘alaba bilan yakun

Qarshi tomon maydonida o‘tkazilgan ilk to‘qnashuv boshlanishidanoq turklar uchun oson kechmadi. “Viking” jamoasi o‘yinning ilk daqiqalarida “Bashakshehir” himoyachilari xatosidan foydalanib, hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi.

Deyarli bir soatlik vaqt mobaynida Chag‘dash Atan shogirdlari tenglikni tiklashga urindi, biroq harakatlar natija bermadi. Jamoaning bosh murabbiyi o‘yinga keskin o‘zgarish kiritish maqsadida zaxiradan germaniyalik hujumchi Devi Zelke hamda o‘zbekistonlik Eldor Shomurodovni maydonga tushirishga qaror qildi.

O‘zgarishlar o‘z samarasini ko‘rsatdi — safar o‘yinining so‘ngi qismida “Bashakshehir” ketma-ket uch marta gol urdi va mag‘lubiyatni yirik g‘alabaga aylantirdi – 3:1.

Chag‘dash Atan: “Jasorat va jamoaviylik bizga g‘alabani olib keldi”

Uchrashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida “Bashakshehir” ustozi Chag‘dash Atan quyidagilarni ta’kidladi:

— Sun’iy qoplamali maydonda, bunaqa muhitda to‘p surish juda og‘ir kechdi. Birinchi bo‘limda jamoamiz o‘yin tempini ushlab turishga urindi. Darvozani ishg‘ol qilish uchun bir necha qulay vaziyatlar yuzaga keldi, ammo Brnich va Da Koshta tomonidan yo‘qotilgan imkoniyatlar hisobiga gol ura olmadik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bo‘limda jamoa ancha passiv harakat qilgan. Ammo standart vaziyatlarda mustahkam himoya qila olgan.

— Jismoniy jihatdan baquvvat futbolchilar — Zelke va Shomurodovni tushirib, burilish yasashga harakat qildik. Keyinroq ularga Umar Faruk va Umut ham qo‘shildi. Birinchi bo‘limda maydonga tushgan Denis Tyuryuch esa hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

— Bugun jamoa o‘zaro hamjihatlikda harakat qildi. Asosiy qurolimiz — jasorat bo‘ldi. Xato qilganimizdan so‘ng ham shijoat bilan maydonda qoldik va g‘alaba uchun oxirigacha kurashdik, – dedi 45 yoshli mutaxassis.

Javob bahsi oldidan tajriba va ustunlik

Atan ta’kidlashicha, javob uchrashuvi ham oson kechmaydi. Ammo jamoa qo‘lga kiritilgan ustunlikni saqlab qolish va keyingi bosqichga yo‘l olishni maqsad qilgan.

— Hali hammasi tugagani yo‘q. Oldinda juda murakkab uchrashuv kutib turibdi. Biroq biz ustunlikka ega bo‘ldik. Javob uchrashuvida ham ijobiy natijani qo‘lga kiritib, keyingi bosqichga chiqishni istaymiz.

Yevropa jamoalari Konerensiyalar ligasini intizorlik bilan kutadigan bo‘ldi. Turnir borgan sari qiyinlashib boryapti. Biz asta-sekn bo‘lsa-da, oldinga intilishimiz kerak. Maqsadlarimiz juda jiddiy, - dedi 45 yoshli murabbiy Chag‘dash Atan.

Quvonarlisi, keyingi bosqich uchrashuvlariga kelib, jamoa tarkibiga yaqindagina qo‘shilgan Abbosbek Fayzullayev ham to‘liq yordam bera oladi. Uning mahorati va harakatchanligi “Bashakshehir” uchun yangi turtki bo‘lishi kutilmoqda.

Xulosa: “Bashakshehir” jiddiy maqsadlar sari intilmoqda

Yevropa maydonlarida yangi mavsumni kuchli tarkib va metin ruh bilan boshlayotgan “Bashakshehir” bir vaqtning o‘zida natija va o‘yin sifatiga e’tibor qaratayotgan jamoa sifatida tanilib bormoqda. Agar barcha futbolchilar ushbu shijoatni saqlab qolsa, turk klubini UYEFA Konferensiyalar ligasida yanada yorqin o‘yinlar kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovning harakati “Bashakshehir”ni mag‘lubiyatdan olib chiqdi