date

Rio Olimpiadasi qahramoni Umar Aminu “Mash’al” safida

Rio Olimpiadasi qahramoni Umar Aminu “Mash’al” safida

Muborakning sharafini himoya qilayotgan “Mash’al” klubi tarkibi yana bir tajribali va nomdor o‘yinchi bilan to‘ldi. Rio-de-Janeyro Olimpiadasidagi yorqin o‘yinlari bilan muxlislar xotirasida qolgan nigeriyalik vinger Umar Aminu rasman muborakliklar safiga qo‘shildi.

Kecha jamoaning Jizzaxda o‘tgan navbatdagi mashg‘ulotida 30 yoshli futbolchi uchun an’anaviy “jonli koridor” marosimi o‘tkazildi. Bu marosim orqali yangi o‘yinchi jamoa muhitiga kirib bordi va yangi safdoshlari bilan yaqindan tanishdi.

Eslatib o‘tamiz, Aminu “Mash’al” bilan bir yillik shartnoma imzolagan edi. Uning o‘yin tajribasi va boy karyerasi jamoaga hujumda yangi kuch qo‘shishi kutilyapti. Nigeriyalik futbolchi o‘z faoliyati davomida Turkiyaning bir qator klublarida — “Samsunspor”, “Osmanlispor”, “Rizespor”, “Bodrum”, “Bandirmaspor”, “Tuzlaspor”, “Beykoz Anadolu” jamoalarida maydonga tushgan. Shuningdek, u Kiprning “Mirakl Degirmenlik” klubi sharafini ham himoya qilgan.

Ma’lumot uchun, Umar Aminu 2016 yil Rioda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida Nigeriya terma jamoasi tarkibida bronza medali sohibi bo‘lgan. Bu yutuq uning xalqaro darajadagi eng katta muvaffaqiyatlaridan biri hisoblanadi.

Muxlislar Aminuning “Mash’al” safidagi ilk o‘yinini orziqib kutishmoqda. Chunki uning tezkorligi, driblingi va hujumdagi tajribasi jamoa uchun katta qo‘shimcha kuch bo‘lishi shubhasiz. Endilikda savol shu: Olimpiada qahramoni yangi klubida ham o‘ziga xos o‘yin uslubini namoyon qilib, muxlislar e’tiborini yana bir bor qozona oladimi?

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rio Olimpiadasi qahramoni Umar Aminu “Mash’al” safida