"Navbahor" futbol klubi atrofidagi vaziyat so‘nggi haftalarda yanada qizg‘in va xavotirli tus olmoqda. Jamoa muxlislarini tashvishga solayotgan asosiy masala — o‘zbekistonlik futbolchilar oldidagi qarzdorlik masalasi haligacha hal qilinmagani.
O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyevning ma’lum qilishicha, bu muammo sabab yozgi transferlar oynasi "Navbahor" uchun shartli ravishda ochilgan edi. Ya’ni, klub belgilangan muddatda, aniqrog‘i, 10 avgustgacha qarzlarini to‘lashga kafolat bergan. Agar ushbu mablag‘lar to‘lanmasa, ro‘yxatdan o‘tgan yangi futbolchilarning litsenziyalari avtomatik ravishda qaytarib olinishiga jamoa oldindan rozi bo‘lgan.
— Bu faqat shartnoma yoki yozma majburiyat emas, balki futbol qonun-qoidalarida belgilangan qat’iy tartib, — deydi Murzoyev. — Bugun futbolchilar o‘tishi va maqomi qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda "Navbahor" yangi tarkibi bo‘yicha litsenziya masalasi ko‘rib chiqiladi. Agar qarzdorlik bartaraf etilmasa, litsenziyalar bekor qilinishi bilan birga, keyingi bosqichda ochko olib tashlash masalasi ham ko‘rilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, "Navbahor" bugun Superliganing 18-turida "Bobur Arena"da "Andijon" jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Biroq maydondagi bellashuvdan ko‘ra, klubning moliyaviy muhiti va rasmiy qarorlar haqidagi xabarlar ko‘proq muhokama qilinayotgani ayni haqiqat.
Agar bu muammo tez orada hal etilmasa, nafaqat yangi futbolchilarning jamoada qolishi, balki klubning mavsumdagi umumiy natijalariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Muxlislar esa bir savol bilan yashayapti: rahbariyat so‘zda qolgan va’dasini amaliy ishga aylantira oladimi?
"Navbahor"da yana moliyaviy muammolar: klubni jiddiy choralar kutyaptimi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar