Superliganing 18-turidan o‘rin olgan qiziqarli va dramatik derbi — “Andijon” hamda “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi bellashuv o‘z yakuniga yetdi. Uchrashuvda yagona gol hisobga olinib, u ham Namangan klubiga g‘alaba olib keldi. “Navbahor” bosh murabbiyi Sergey Lushchan o‘yindan so‘ng matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga atroflicha javob berdi.
— “Biz haqiqatan ham juda qiyin bahsni o‘tkazdik. “Andijon” bilan bellashish har doim og‘ir bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Bir yarim yildan buyon Namanganda ishlayapman va shu vaqt mobaynida “Andijon”ga qarshi o‘tgan har bir o‘yin biz uchun sinov bo‘lgan. Derbi — o‘z nomi bilan derbi, unda oson yo‘l yo‘q. Bugun futbolchilarga katta minnatdorchilik bildiraman, chunki ular ko‘rsatmalarimizni 90 foizga yaqin aniq bajarishdi. Ketma-ket ikki durangdan so‘ng kelgan g‘alaba jamoamiz uchun katta ahamiyatga ega. Bu natija, ishonchim komilki, bizga oldinga qarab harakatlanish va yanada rivojlanish uchun qo‘shimcha ruhiy kuch beradi. Raqibning bir qancha xavfli hujumlarini to‘xtatdik, harchand hujumga ko‘p bormagan bo‘lsak-da, eng muhimi — ijobiy natijaga erishdik. Barcha futbolchilarim va muxlislarimizni g‘alaba bilan chin dildan tabriklayman”.
Lushchan ayrim futbolchilarning asosiy tarkibda o‘ynamagani haqidagi savolga ham izoh berdi:
— “Avvalgi turdan keyin ham ta’kidlagandim — yozgi yig‘in biz kutgandek samarali o‘tmadi. Taxminan 70 foiz asosiy o‘yinchilar yig‘inda qatnashmadi. Legionerlar ikkinchi davra boshlanishiga besh kun qolganda kelib qo‘shilishdi, Jiyanov va Mirsaidov esa startga bor-yo‘g‘i to‘rt kun qolganda jamoaga qo‘shildi. Bu omil mashg‘ulot jarayoniga sezilarli ta’sir qildi. Hozir esa barcha futbolchilar to‘liq mashg‘ulotlarga kirishdi va o‘zini ko‘rsatishga urinayotgani meni quvontiradi. Qo‘shimcha mashqlar bajarishmoqda, shunday ekan, har bir o‘yinda kuchaya borishimizga umid qilaman. Boltaboyev ham endi jamoaga moslasha boshladi. “So‘g‘diyona” bilan Kubok uchrashuviga qadar barcha yaxshi sport formasiga kirishiga ishonaman”.
Ushbu bahsdan qoniqish darajasi haqida savol berilganda, murabbiy shunday dedi:
— “Albatta, jamoaning harakatidan mamnunman. Aytganimdek, yigitlar ko‘rsatmalarni to‘liq bajarishdi va o‘yinda chiroyli gol urdik. Hozirgi paytda biz jamoani tuzish va shakllantirish jarayonidamiz, bu yo‘l esa faqat shunday og‘ir uchrashuvlar orqali bosib o‘tiladi”.
Sardor Azim Ahmedovning nega maydonga tushmayotgani haqidagi savolga javob quyidagicha bo‘ldi:
— “Bu to‘liq raqobat bilan bog‘liq holat. Albatta, Azim — yuqori saviyali futbolchi, u maydonda ham, jamoa ichida ham yetakchi. Biroq hozirgi vaqtda yarim himoya chizig‘imizdagi braziliyaliklar ko‘proq ishonch uyg‘otmoqda. Agar ulardan biri safdan chiqsa, Azim o‘rnini munosib tarzda to‘ldiradi. Zaxirada shunday tajribali futbolchi borligi — biz uchun katta yutuq, chunki istalgan payt undan foydalanishimiz mumkin”.
“Navbahor”ning ushbu derbidagi g‘alabasi nafaqat turnir jadvalidagi holatini yaxshiladi, balki jamoaga yangi ruhiy ko‘tarinkilik ham bag‘ishladi. Muxlislar esa yangi bosqichda yanada samarali o‘yinlar kutishi mumkin.
Sergey Lushchan: Bu derbidagi g‘alaba jamoamiz uchun katta turtki bo‘ladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar