Futbol sharhlovchisi Aleksandr Boyarskiy Yoshlar futbol ligasi – 3 (YFL-3) doirasidagi “Rodina” – “Zenit” uchrashuvi paytida ayol hakamlarni kamsituvchi so‘zlar aytib, katta bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Bu haqda Pravilamag xabar berdi.
O‘yinning ikkinchi bo‘limida hakam Arina Stanovaya “Rodina” darvozasiga penalti belgilaganidan so‘ng, Boyarskiy jonli efirda ayol hakamlar haqida salbiy fikr bildirdi. U “ayollar futboli o‘zlari uchun, erkaklar futbolida esa kulgili voqealar yuz beradi” deya keskin tanqid qildi. Sharhlovchi, shuningdek, ayollarga “farzandli bo‘lish” va “oila bilan shug‘ullanish”ni maslahat qilgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, Boyarskiy o‘z so‘zlari uchun uzr so‘rab chiqdi:
“Men noto‘g‘ri gapirdim va buni to‘liq angladim. Hakamlik haqida aytganlarim sharhlovchilik me’yorlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Men aslida erkaklar futbolida ayollarga o‘rin yo‘q deb hisoblamayman. Aksincha, ayollar futbolning go‘zalligi”, — dedi u.
“Rodina” futbol klubi esa Boyarskiyning izohlari uchun uni o‘yinlarda ishlashdan vaqtincha chetlashtirishini ma’lum qildi. Klubning bayonotida:
“Sharhlovchi Aleksandr Boyarskiyning fikrlari noo‘rin va haqoratomuz bo‘lib, 'Rodina'ning qadriyatlariga zid. Biz buning uchun ayollar futboliga bag‘ishlangan maxsus tadbirlar o‘tkazamiz”, — deyiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!