date

Maksim Shatskix: «Andijon» bugun katta dars oldi

Maksim Shatskix: «Andijon» bugun katta dars oldi

Superliganing 20-turidan o‘rin olgan «Andijon» – «Paxtakor» (2:6) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Maksim Shatskix matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi mag‘lubiyat jamoa uchun alamli bo‘lsa-da, ayni paytda katta dars vazifasini ham o‘tab berdi.

«Gollar juda kulgili edi»

Shatskix uchrashuvning birinchi bo‘limi haqida shunday dedi:
— Nima deyishni ham bilmayman. Birinchi taymda o‘tkazgan gollarimizni ko‘rdilaring. Juda kulgili holatlar. Agar bizda ham hech bo‘lmasa shunday bittasi bo‘lganida, o‘zimni baxtiyor his qilgan bo‘lardim. Ikkinchi taymda vaziyatni tuzatishga urindik, ammo oxirgi daqiqalarda yana uchta gol qabul qilib oldik. Haqiqat shu.

«Bizga faqat vaqt kerak»

Jurnalistlar jamoada nimalarni o‘zgartirish kerakligi haqida savol berganida, murabbiy javob berdi:
— Bizga eng keraklisi — vaqt. Ikki-uch oyda yangi jamoa tuzib bo‘lmaydi. Safimizga ko‘plab yangi futbolchilar keldi, ular bir butun jamoa bo‘lib ketishi uchun vaqt talab qilinadi. Eng asosiysi — ruhiyat. Futbolchi qayerda o‘ynagani muhim emas, hozirgi holatga qarash zarur. Agar vaqt beriladigan bo‘lsa, bundan butunlay boshqacha jamoa shakllanadi.

«Har bir mag‘lubiyatning sababi bor»

Ikkinchi davra boshlanganidan beri «Andijon» beshta bahs o‘tkazib, atigi to‘rt ochko jamg‘ardi. Bu haqda izoh bergan Shatskix qo‘shimcha qildi:
— Har bir mag‘lubiyatimizni tahlil qilib ko‘rsangiz, sabablarini topasiz. «Navbahor», «Mash’al», endilikda «Paxtakor» — ularning imkoniyatlari yuqori. Masalan, «Paxtakor» tarkibida individual jihatdan kuchli futbolchilar to‘plangan. Biz esa jamoaviy o‘yinga tayanamiz. Ammo birinchi uchta golga e’tibor bering, hatto bolalar futbolida ham bunday xatolarga yo‘l qo‘yilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, bugungi bellashuv biz uchun katta dars bo‘ldi. Keyingi o‘yinlarda kim asosiyda tushishi, kim zaxirada qolishi bo‘yicha xulosa chiqardik.

«Erjan bir necha bor jamoani qutqargan»

Murabbiydan oltita gol kiritilgan o‘yinda posbon Erjan Tokotayevning o‘yini haqida ham so‘rashdi. Shatskix shunday javob berdi:
— Erjan bir necha marta jamoamizni qutqargan. Uning xatolarini albatta darvozabonlar murabbiyi bilan birga tahlil qilamiz.

«Bunday o‘yinlar kim qanday ekanini ko‘rsatadi»

Himoyachilar o‘yini haqida fikr bildirgan murabbiy qo‘shimcha qildi:
— Bugun Altin Kreziuni markazda sinab ko‘rdik. Abdurahmon Komilov ham maydonga tushdi. Bir gapni ochiq aytaman: jamoamizda «Andijon» darajasiga mos kelmaydigan futbolchilar bor. Ammo ular o‘zlarini klubga munosib deb hisoblaydi. Bu esa eng yomon holat. Shunday o‘yinlar esa haqiqiy yuzni ko‘rsatadi. Afsuski, bizda hammasini darhol o‘zgartirish imkoni yo‘q. Hammasi vaqt bilan hal bo‘ladi.

Shatskix so‘zlarini xulosa qilib, jamoa bugun olingan saboqlar orqali keyingi bahslarda kuchliroq o‘yin namoyish qilishiga ishonch bildirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shatskix: «Andijon» bugun katta dars oldi