Superliga 20-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” – “Bunyodkor” uchrashuvi muxlislar xotirasida keskin va dramatik bahs sifatida qoldi. Navoiyda bo‘lib o‘tgan bellashuv 1:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuvdan keyin poytaxt klubi bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— O‘yin haqida qanday taassurotdasiz?
“Hammaga xayrli kech. Birinchi bo‘limda jamoamiz juda kuchli harakat qildi va eng yaxshi o‘yinlardan birini ko‘rsatdi. Maydon og‘ir edi, bu esa tabiiyki, harakatimizga ta’sir qildi. Bir futbolchimiz qizil kartochka olganidan keyin ham o‘yinni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga harakat qildik. Biz “Qizilqum” o‘z maydonida doim qattiq kurashishini yaxshi bilamiz va tayyorgarlikni shu tarzda olib borgandik. Endi esa tiklanib, “Buxoro”ga qarshi bahsga jiddiy tayyorlanishimiz kerak. Chunki bu o‘yin ham biz uchun finalga teng ahamiyat kasb etadi”, — dedi murabbiy.
— Qisqa oraliqdagi o‘yinlar ta’sir qilyaptimi?
“Albatta, bu ham o‘z izini qoldiryapti. Futbolchilarning tiklanish jarayoniga ta’sir qiladi. Bir tomondan safarlar bor, ikkinchi tomondan har to‘rtinchi kunda maydonga chiqishga to‘g‘ri kelyapti. Masalan, to‘rt kundan keyin “Buxoro” bilan o‘ynaymiz. Ular esa kecha o‘ynashdi. Lekin biz bu bilan e’tiroz bildirmaymiz. “Bunyodkor” PFL taqdim etayotgan taqvimni hurmat qiladi. Biroq qisqa oraliqdagi uchrashuvlar jamoa uslubiga ta’sir qiladi. Biz esa ishni to‘xtatmaymiz va mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda yakunlashni maqsad qilganmiz”, — dedi Zeytullayev.
— Yana nimalar yetishmadi, deb o‘ylaysiz?
“Fikrimcha, biz yaxshi o‘ynadik. O‘yin asosan nazoratimizda o‘tdi. Agar futbolchimiz maydondan chetlatilmaganida, ehtimol yana gol urgan bo‘lardik. Biroq futbol shuning uchun futbol — xatolar ham, ehtiroslar ham uning ajralmas qismi. O‘sha vaziyatda o‘yinchimiz qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Men ham futbolchi bo‘lganman va bu kabi holat istalgan sportchi bilan sodir bo‘lishi mumkinligini yaxshi bilaman”, — deya javob berdi murabbiy.
— “Bunyodkor” ikki ochko yo‘qotdimi yoki bir ochko oldimi?
“Agar birinchi bo‘limdagi imkoniyatlarni hisobga olsak, ikki ochko yo‘qotdik, deyish mumkin. Lekin ikkinchi taymda o‘n kishi bo‘lib qolganimizdan so‘ng ustunlik raqib tomonga o‘ta boshladi. “Qizilqum” jismoniy futbol ko‘rsatdi, bir goli hisobga olinmadi. Shu bois Navoiydan olingan bir ochkoni kichik 'oltin' deb baholasak ham bo‘ladi. Rostini aytsam, biz bu yerga faqat g‘alaba uchun kelgandik”, — dedi Zeytullayev.
— Yangi qoida haqida fikringiz?
“Endilikda faqat sardor hakam bilan gaplashishi mumkin. Bu yangi qoidaga moslashish oson emas. Chunki oldin bunday tartib yo‘q edi. Futbol ehtirosli o‘yin, bahsli vaziyatda ko‘pchilik hakamning oldiga borishi tabiiy hol. Biroz vaqt kerak, sekin-asta futbolchilar ham bu tartibga o‘rganishadi. Biz hakamlarni hurmat qilamiz va ular bilan to‘g‘ri hamkorlik qilishga intilamiz”, — deya ta’kidladi murabbiy.
Shu tariqa, “Bunyodkor” Navoiyda jangovor durang qayd etdi. Endi esa klubning asosiy vazifasi — “Buxoro”ga qarshi navbatdagi muhim bahsga tayyorgarlik ko‘rish va mavsumni yuqori kayfiyatda yakunlash.
Ilyos Zeytullayev: “Qizilqum”ga qarshi bahsda ikki ochko yo‘qotdik”
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar