“Manchester Siti”ning oxirgi yillardagi asosiy darvozaboni Ederson Morayes faoliyatini Turkiya chempionatida davom ettirishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliya terma jamoasi sobiq posboniga jiddiy qiziqish bildirgan “Galatasaroy” bir necha marta muvaffaqiyatsiz urinishlariga qaramasdan, o‘z niyatidan qaytmadi. Turkiyaning yetakchi klubi Edersonni olish uchun taklifini sezilarli darajada oshirdi.
Taniqli insayder Nikola Skiraning ma’lum qilishicha, “Galatasaroy”ning yangi taklifi 15 million yevroga yetdi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq “shaharliklar” turk klubining 10 million yevrolik taklifini rad etgandi.
Istanbul jamoasi Edersonning o‘ziga uch yillik shartnoma taklif qilmoqchi. Bu vaqt mobaynida tajribali posbon 7 million yevro maosh olishi kutilmoqda.
Ederson 2017 yildan buyon Xosep Gvardiola qo‘l ostida “Manchester Siti” sharafini himoya qilib kelmoqda. Angliya klubi uni olib kelish uchun “Benfika”ga 40 million yevro to‘lagan edi. Uning hozirgi shartnomasi esa 2026 yilning 30 iyunida yakun topadi.
Shu bilan birga, insayderlar ta’kidlashicha, turk grandining bu harakati jamoa darvozasini tajribali va yuqori darajada o‘ynaydigan posbon bilan mustahkamlash niyatidan dalolat bermoqda. Ederson esa o‘z karyerasining yangi bosqichini Turkiyada davom ettirishi ehtimoldan holi emas.
Ederson kelajagi: “Galatasaroy” yangi taklif bilan maydonga tushdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar