date

“Manchester Siti”da syurpriz transfer: Akanji taqdiri hal bo‘lmoqda

“Manchester Siti”da syurpriz transfer: Akanji taqdiri hal bo‘lmoqda

Yozgi transferlar bozori yopilishiga sanoqli kunlar qolgan bo‘lsa-da, “Manchester Siti” safida yanada jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Klub tarkibidan bir qator futbolchilarga turli jamoalar qiziqish bildirmoqda va shu bois rahbariyat xaridorlar bilan muzokaralar olib bormoqda.

Futbol olamining mashhur insayderi Fabritsio Romano tarqatgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, “shaharliklar” o‘zining tajribali markaziy himoyachisi Manuel Akanji bilan xayrlashishga qaror qilgan. Manbaning ta’kidlashicha, klub “Galatasaroy”dan kelgan 15 million funtlik taklifni qabul qilib bo‘lgan.

Ayni paytda har ikki klub ham shveysariyalik futbolchining shaxsiy qarorini kutib turibdi. Ammo Akanji hali turk klubi taklifini qabul qilishga shoshmayapti. Chunki uning oldida yana bir jiddiy variant mavjud — Germaniya.

Ma’lumotlarga qaraganda, “Bayer” rahbariyati “Arsenal”ga ketishi kutilgan Pero Inkape o‘rnini aynan Manuel Akanji bilan to‘ldirish niyatida. Bu esa himoyachi uchun yana bir yirik chempionatda o‘zini ko‘rsatish imkoniyati bo‘lishi mumkin.

Akanjining futbol tarixi Shveysariyada boshlangan. U avvalo “Vintertur” tarkibida shakllandi va keyin “Bazel” sharafini himoya qildi. 2018 yili “Borussiya Dortmund” uni 21,5 million yevro evaziga sotib olgan bo‘lsa, to‘rt yil o‘tib “Manchester Siti” deyarli shu narx evaziga uni o‘z safiga qo‘shib oldi.

Hozirda 30 yoshni qarshilagan himoyachi “Siti” safida jami 136 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushgan. U nafaqat himoyadagi vazifalarini bajargan, balki jamoa uchun beshta gol urib, uch marta assistent sifatida ham yordam bergan.

Shunday qilib, Akanjining keyingi manzili Turkiyamidi yoki Germaniya bo‘ladimi — bu savol hali ochiq qolmoqda. Ammo bitta narsa aniq: “Siti” safida u qolmasa, jamoa himoya chizig‘ida katta yo‘qotishga duch keladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Manchester Siti”da syurpriz transfer: Akanji taqdiri hal bo‘lmoqda