Qozog‘iston futboli kecha tarixiy kunni nishonladi. Mamlakatning mashhur klubi “Qayrat” ilk bor UYEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi va qo‘shni davlat futboli uchun yangi tarix boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, shu vaqtgacha Qozog‘iston klublari orasida bu yutuqqa faqat “Astana” erishgandi. Ular 2015/2016 yilgi mavsumda Yevropa Chempionlar ligasi “S” guruhida “Atletiko Madrid”, “Galatasaroy” va “Benfika” kabi kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushishgan. Har qancha g‘alaba qozonolmagan bo‘lsalar-da, 6 o‘yindan 4 tasini durang bilan yakunlab, ikki marta mag‘lubiyatga uchrashgan. O‘sha davrdagi ishtirok Qozog‘iston futboli uchun katta tajriba bo‘lib qolgandi va ayniqsa, uy o‘yinlarida raqiblarga jiddiy qarshilik ko‘rsatishgani muxlislar yodida saqlanib qolgan.
Endi esa yangi qahramon sifatida “Qayrat” sahnaga chiqdi. Pley-off bosqichida Shotlandiyaning “Seltik” klubiga qarshi ikki bahs ham golsiz durang bilan yakunlandi. Penaltilar seriyasida 3:2 hisobida zafar qozongan “Qayrat” endi Yevropaning eng nufuzli klub turnirida qatnashadi. Bu natija nafaqat jamoa, balki butun Qozog‘iston futboli uchun katta g‘alaba sifatida baholanmoqda.
Qizig‘i, moliyaviy nuqtayi nazardan ham ushbu yutuq juda katta ahamiyat kasb etadi. Masalan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati yo‘llanmasi va guruh bosqichidagi ishtirok uchun taxminan 12–13 million yevro daromad ko‘rsa, “Qayrat” Chempionlar ligasi guruh bosqichiga yo‘llanma olgani uchunoq 20,18 million yevro kafolatlangan mablag‘ qo‘lga kiritadi.
Bundan tashqari, klub guruh bosqichida 8 ta bahs o‘tkazadi. Buning to‘rttasi o‘z maydonlarida bo‘lib o‘tadi va bu ham qo‘shimcha moliyaviy manfaatni anglatadi.
Muttaxassislar ta’kidlashicha, “Qayrat”ning bu muvaffaqiyati Qozog‘iston futbolida yangi bosqich boshlanishidan darak berishi mumkin. Muxlislar esa o‘z jamoasini Yevropada qanday namoyish qila olishini katta intiqlik bilan kutmoqda.
"Qayrat" tarixiy yutuqqa erishdi: Qozog‘iston futbolida yangi sahifa
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar