O‘zbekiston Milliy terma jamoasi ayni damda yurtimiz mezbonlik qilayotgan “CAFA Nations Cup-2025” musobaqasi oldidan Toshkentdagi yig‘in mashg‘ulotlarini qizg‘in tarzda davom ettirmoqda. Terma jamoamizning muhim figuralaridan biri hisoblangan Odil Hamrobekov ushbu yig‘in chog‘ida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.
— “Traktor” safidagi ilk rasmiy o‘yinimda sovrin qo‘lga kiritdim. Bu har qanday sportchi uchun unutilmas va quvonchli lahza hisoblanadi.
— Sharoitlar yetarlicha yaxshi. Futbolchiga zarur bo‘ladigan barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bu esa samarali tayyorgarlikka zamin yaratadi.
— Terma jamoa safida doimiy ravishda maydonga tushavermaysiz. Shuning uchun, yig‘inga kelganda — farqi yo‘q, o‘rtoqlik o‘yini bo‘ladimi, rasmiy bahsmi yoki darajasi past musobaqami — barcha futbolchilar ham, murabbiylar ham bu imkoniyatdan maksimal darajada unumli foydalanishga harakat qiladi. Oldimizga qo‘yilgan vazifaga erishdik, endilikda munosib ishtirok uchun qo‘ldan kelganicha tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.
— Legioner futbolchilarning yo‘qligi ta’sir qiladimi? Buni vaqtning o‘zi ko‘rsatadi. Biroq ularning o‘rnida harakat qilayotgan yigitlar uchun bu katta imkoniyat, o‘zlarini namoyon qilish uchun qimmatli shans.
— O‘mon termasi juda yaxshi shakllangan jamoa. Natijalari katta bo‘lmasa-da, ular raqiblariga jiddiy qarshilik ko‘rsata oladigan darajada.
— Terma jamoada murabbiy almashishi haqida hali rasmiy ma’lumot yo‘q. Shu sababli hozircha aniq fikr bildirish mushkul. Faqat tasdiqdan keyin to‘liq munosabat bildirish mumkin, — deya ta’kidladi Hamrobekov.
Mutaxassislar fikricha, Odil Hamrobekovning so‘zlari terma jamoaning ruhiy kayfiyati yuqori ekanini va musobaqada munosib ishtirok uchun jiddiy tayyorgarlik olib borilayotganini yana bir bor ko‘rsatib turibdi. Muxlislar esa yaqinlashib kelayotgan bellashuvlarda terma jamoa qanday o‘yin ko‘rsata olishini katta qiziqish bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar