O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchi futbolchilari Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev yozgi transferlar oynasida Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi safiga qo‘shilgani katta qiziqish uyg‘otgan edi.
Klub rahbariyati bosh murabbiy Chag‘dash Atan oldiga aniq vazifa qo‘ydi — Yevrokuboklarda munosib ishtirok etish. Shu maqsadda tarkibni kuchaytirish uchun yangi transferlarga jiddiy mablag‘ yo‘naltirildi.
Faqat ikki o‘zbekistonlik futbolchi klub uchun o‘n million yevrodan ortiqqa tushdi. Xususan, Abbosbek Fayzullayev uchun «Bashakshehir» Moskva SSKAsiga 7,5 million yevro to‘lashga majbur bo‘ldi. Shuningdek, 21 yoshli hujumkor yarimhimoyachi natijasiga qarab yana 2,5 million yevro bonus to‘lanishi haqida manbalar xabar bergandi.
Fayzullayev bu summa bilan «Bashakshehir» tarixidagi eng qimmat xaridga aylandi. Avvalroq bu rekord 4,8 million yevro evaziga «Altinordu»dan Chengiz Underni olib kelgan transferga tegishli edi.
Eldor Shomurodov esa «Roma»dan bir yillik ijaraga jalb qilindi. Turk klubi uni kelasi yozda to‘liq sotib olish huquqiga ega. Agar bu amalga oshsa, 3 million yevrolik ijara puli bilan Shomurodov ham klub tarixidagi eng yirik transferlardan biriga aylanishi mumkin.
Yozgi oylarda «Bashakshehir» tarkibini yana bir qator futbolchilar bilan to‘ldirdi. Onur Bulut 325 ming yevro evaziga olib kelingan bo‘lsa, Berkay Aslan uchun 150 ming yevro sarflandi. Shu bilan birga, Berat O‘zdemir («Al-Ittifoq»), Devi Zelke va Luka Stanchich («Gamburg» hamda «Bavariya»), Nuno da Koshta («Kasimposha») kabi o‘yinchilar erkin agent sifatida jamoaga qo‘shildi.
Shu tariqa, Chag‘dash Atan qo‘l ostidagi yangi tarkib Konferensiyalar Ligasi saralash bosqichida Bolgariyaning «Cherno More» hamda Norvegiyaning «Viking» ustidan g‘alaba qozonib, ishonch uyg‘otgan edi. Ammo eng muhim pallada, Ruminiyaning «Universitetya Krayova»si to‘siq bo‘lib chiqdi. Ikki bellashuvda beshta to‘p o‘tkazgan «Bashakshehir» umumiy bosqichga yo‘l ola olmadi.
Mahalliy matbuot yozishicha, jamoa Yevropa musobaqasida barqaror ishtirok eta olmaganidan so‘ng klub mutasaddilari muammo ko‘proq bosh murabbiy malakasiga borib taqalishini angladi.
Turkiyadagi nufuzli fotospor.com sayti ma’lumoticha, klub prezidenti Gyoksel Gyumyushdag‘ «Krayova»ga qarshi birinchi uchrashuvdayoq yangi murabbiy topish masalasini kun tartibiga qo‘ygan.
Asosiy nomzod sifatida Nuri Shaxin tilga olinmoqda. Manbalarga ko‘ra, «Bashakshehir» rahbariyati Shaxin bilan dastlabki kelishuvga erishgan. Unga ikki yillik shartnoma va bu muddat uchun 4 million yevro maosh taklif etilgan.
Shu bilan birga, zaxira reja sifatida klub Yevropa futbolida taniqli mutaxassislar — Xavi, Tiago Motta, Marko Rouz va Edin Terzich kabilarni ham ko‘rib chiqmoqda.
«Bashakshehir» ikki o‘zbek legionerini olib ham Yevropa orzusi ushalmadi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar