Angliya Premer-ligasida kuzatilgan eng qiziq transfer mavzularidan biri yakunlandi. The Athletic tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, «Kristal Pelas» himoyachisi Mark Gehi «Liverpul»ga ko‘chib o‘tmaydi va hozircha o‘z jamoasida qoladi.
Ma’lum bo‘lishicha, markaziy himoyachi «Liverpul» bilan kelishuv jarayonini boshlab, hatto tibbiy ko‘rikning muayyan bosqichidan ham o‘tgan edi. Biroq barcha muxlislar kutgan transfer amalga oshmay qoldi.
Bu qaror ortida esa asosiy omil sifatida «Kristal Pelas» bosh murabbiyi Oliver Glasnerning qat’iy pozitsiyasi turadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa yetakchilaridan biri sanalgan Gehini hozircha klubdan chiqarib yuborish mumkin emas. Sardor o‘rniga munosib va ishonchli muqobil topilmaguncha, himoyachining ketishi masalasi umuman ko‘rib chiqilmaydi.
Shu bilan birga, «Pelas»ning «Brayton» safidan Igor Julioni sotib olish rejasi amalga oshmadi. Agar ushbu bitim bajarilganida, Gehining «Liverpul»ga o‘tishi ehtimoli yuqori bo‘lar edi.
Eslatib o‘tamiz, hozirda 24 yoshli himoyachining «burgutlar» bilan tuzgan shartnomasi kelasi yil yozgacha amal qiladi. Demak, uning kelajakdagi transferi haqidagi savollar yana bir mavsum davomida muxlislarni qiziqtirib turishi mumkin.
Shunday qilib, «Liverpul» muxlislari Mark Gehini hozircha «Enfild»da ko‘ra olmaydi, ammo u «Kristal Pelas»ning himoya chizig‘ida yana bir mavsum muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!