Angliya Premer-ligasidagi mavsumni kutilmagan yo‘qotishlar bilan boshlagan “Manchester Siti” atrofida yana jiddiy muammolar paydo bo‘ldi. Xosep Gvardiola shogirdlari dastlabki turda “Vulverxempton”ni yirik hisobda mag‘lub etgan bo‘lsa-da, keyingi ikki uchrashuvda “Tottenxem” va “Brayton”dan yutqazdi.
Katta ehtimol bilan mavsum so‘nggi qismida ketma-ket yo‘qotilgan ochkolar jamoaga qimmatga tushishi mumkin. Buning ustiga, yetakchi futbolchilarning jarohatlari ham qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
CITYXTRA.CO.UK va ESTEEMEDKOMPANY.COM kabi nufuzli portallar “Siti”dagi jarohatlar mavzusi, ayniqsa Abduqodir Husanovning shikasti haqida alohida ma’lumot tarqatdi.
Dastlab Rayan Sherki jarohat olgan bo‘lsa, “Brayton”ga qarshi bahsda Abduqodir Husanov ham shikastlandi. Jazoyir terma jamoasiga chaqirtirilgan Rayan Ayt-Nuri salomatligi tufayli tarkibdan chiqarildi. Endi esa Niko O’Reyli va Riko Lyuis ham umumiy mashg‘ulotlardan chetlatildi.
“Manchester Siti” rasmiy bayonotiga ko‘ra, har ikki o‘yinchi Angliya yoshlar terma jamoasiga chaqirilganiga qaramay, jarohat sabab turnirda qatnasholmaydi. Ular klub bazasida qolib, tibbiy tekshiruv va tiklanish jarayonidan o‘tmoqda.
FIFA kunlari munosabati bilan berilgan ikki haftalik tanaffus Xosep Gvardiolaga katta imkoniyat yaratmoqda. Murabbiy asosiy tarkibga qaytishini intizorlik bilan kutilgan Abduqodir Husanov, Rayan Sherki va Rayan Ayt-Nurining sog‘ayishini kutib turibdi.
Manchester Evening News jurnalisti Tayron Marshallning ma’lum qilishicha, Husanov oyoq mushagidan olgan jarohati tufayli terma jamoa o‘yinlarini o‘tkazib yuboradi. U ikki hafta davomida Manchesterda qolib, individual davolanish olib boradi.
Endi barchani bitta savol o‘ylantirayapti: Abduqodir Husanov derbigacha tiklanib ulguradimi? “Siti” klubi esa o‘zbek himoyachisining 14 sentyabr kuni “Etixad”da bo‘lib o‘tadigan “Manchester Yunayted”ga qarshi uchrashuvga tayyor bo‘lishidan umidvor.
“Brayton”ga qarshi bahsda Husanov o‘zining kuchli jihatlari – tezkorlik, kurashchanlik va harakatlaridagi ishonch bilan ajralib turdi. Yosh bo‘lishiga qaramay, u maydonda mukammal va xato qilmasdan o‘ynadi. Shu sabab, ko‘plab ekspertlar uni jamoaning asosiy figuralaridan biri sifatida ko‘rishmoqda.
Adam Marret (ESTEEMEDKOMPANY.COM tahlilchisi) ta’kidlaganidek, Husanovning sog‘ayishi derbi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Chunki Gvardiola raqib Ruben Amorimning kuchli himoya va qarshi hujum taktikasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda o‘zbek futbolchisining maydonga qaytishi jamoa uchun katta kuch qo‘shadi.
Eng muhim jihati – ikki haftalik tanaffus yosh himoyachining to‘liq tiklanishiga yetarli bo‘lishi kerak. Muxlislar esa endi barcha e’tiborini Husanovning maydonga qaytish kuniga qaratib turishibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!