O‘zbekiston terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlash borasidagi barcha voqealarni qaynona-kelin mavzusidan o‘zlari ham zerikkan rejissyorlarga serial sifatida taklif qilsa bo‘ladi. Afrika ob-havosidan qolishmagan yoz faslidan buyon deyarli har oy kartinada yangi qahramon paydo bo‘lmoqda va qiziq joyiga kelganda, chekinmoqda. Timur Kapadzeni esa Forrest Gamp sifatida gavdalantirish mumkin.
To‘g‘ri, biz har to‘rt yilda Yaponiya yoki Janubiy Koreya singari mundial chiptasiga ega bo‘layotganimiz yo‘q. Qolaversa, ilk ishtirokda Koreya yarim orolidagi shimol mamlakati singari ahvolga tushishni istamaymiz. Biroq xato qilmaslikka shunchalik harakat qilinyaptiki, go‘yoki bu ishlar yanada ko‘proq xatolarni keltirib chiqarishi mumkinday, nazarimda.
Umuman olganda, rokirovka borasidagi xatolar bizga begona emas. Yaqin o‘tmishda Abramov va Qosimovga bitta natija uchun chiqish eshiklarining ko‘rsatilgani va yakunda baribir kaftimizni peshonamizga qo‘yib qolganimizni unutmaylik. Ulardan farqli o‘laroq, Kapadze talab qilingan natijaga erishdi.
Amaldagi bosh murabbiyni lavozimidan ozod qilmasdan boshqa nomzod qidirish ajrashmagan erkakka o‘zga xotin qidirishga o‘xshab ketadi.
Ehtimol, O‘FAdagilar ham ko‘pgina yurtdoshlarimiz singari Kapadzening qolishini istayotgan, yuqoriroq lavozimdagilar esa jahon chempionatiga xorijlik murabbiy olib borishi kerakligi to‘g‘risida talab qo‘ygandir. Bu haqda aniq ma’lumotga ega emasman, bilganimda ham ushbu lavozim sohibini aytishga "dux"im yetmagan bo‘lardi.
Ko‘rilayotgan nomzodlar ham bir tarafdan g‘alatidek. Go‘yo kim bo‘sh bo‘lsa, hasharga undalgandek, ayni damda biror jamoada ishlamayotgan murabbiy borki, unga taklif bilan chiqilmoqda. Bu Hindistonning Instagram orqali murabbiy qidirishiga o‘xshab ketadi.
Bilmadim, Bentu telefonning qizil tugmasini bosib qo‘ygach, endilikda Luis Felipe Skolari, Bora Milutinovich, Joze Mourino singari murabbiylarga sim qoqishar. Ularning nomzodi ham o‘xshamasa, bu ketishda mundial startiga qadar Gudon Tordarson, Kritsanuratxon Pxumichay, Gjegoj Brjenchshchikiyevich kabi nomlarni ham o‘qib qolsak, ajabmas.
Mavzudan biroz chekingan holda, poytaxtdan olisroqda gapirganda sanoqli qolgan tishlari orasidan so‘lagi otilib chiqadigan nuroniyni yodga olmoqchiman. Yaxshi inson. Meni har safar ko‘rganda, yoniga chorlab, o‘tmishi haqida so‘zlab berishni yaxshi ko‘radi. O‘tmish ham shunday o‘tmishki, qayta-qayta eshitaverib, verguligacha yod olganman.
Men u kishining men tengqur paytlarda bo‘yi benzin narxidagi teraklarni boltasiz qulatganiga chindan ishonaman, sababi u hozirgi yoshida ham hassasiz tetikligini va bilagidagi kuchini yo‘qotmagan.
Shunchaki, oradan yillar o‘tgani va negadir O‘zbekiston terma jamoasiga ko‘rib chiqilayotgan nomzodlar yodga tushaveradi.
Shuni unutmaslik kerakki, biz Marsga emas, jahon chempionatiga yo‘l olamiz. Birinchisida xatolar ko‘zga tashlanishi tabiiy, bundan fojia yasash kerak emas. Men uchun bitta jahon chempionatida shov-shuv ko‘tarib, keyinchalik kavakka kirib ketishdan muntazam ishtirokchiga aylanish muhimroq. Dastlabkisida esa qanday natija qayd etilishidan qat’i nazar yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va muzqaymoqdan bahramand bo‘lish lozim.
Hurmat yuzasidan aytish joiz, boshqaruvga Gvardiola kelgan taqdirda ham, sensatsiya yuz bermasa, uzog‘i nimchorak finaldan nariga o‘tishimizga ishonmayman. Biroq uchta o‘yinni boy bergan taqdirimizda ham terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlashda davom etaman. Kapadzeda ham yetarlicha kamchiliklar topiladi, hatto CAFA musobaqasida chempionlikka erisholmagan taqdirda, pinagimni buzmayman. Shunga qaramay, unga ishonishda davom etish kerak, deb hisoblayman. Boshqa murabbiylar bilan qandaydir uslub, taktika va boshqa balo-badtarlar solishtiruvini esa hamkasblarimiz allaqachon qayd etishgan.
Birinchi mundial ilk muhabbatga o‘xshaydi. U achinarli yakun topsa-da, yoqimli xotiralar bilan eslanadi. Bundan qirq yo ellik yil keyin tarix sahifalarida O‘zbekiston terma jamoasining ilk ishtirokini o‘z murabbiyimiz boshqarganini ko‘rish ham undan maroqliroq bo‘lmaydi.
Darvoqe, 5-sentyabr kuni Timur Kapadze 44 yoshni qarshi oladi. U uchun eng yoqimli sovg‘ani esa faqat O‘FA taqdim qila olishi mumkin...
Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.
Manba: championat.asia
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!