date

«Barsa» sobiq futbolchisi endilikda Eronning “Istiqlol” jamoasida

«Barsa» sobiq futbolchisi endilikda Eronning “Istiqlol” jamoasida

Eron futbolidagi eng nufuzli klublardan biri hisoblangan Tehronning “Istiqlol” jamoasi transfer oynasida yangi xaridini e’lon qildi. Klub rahbariyati Ispaniyada taniqli yo‘lni bosib o‘tgan hujumchi Munir El Haddadini o‘z safiga qo‘shib oldi.

Ma’lumki, Marokash terma jamoasida ham to‘p surgan El Haddadi Yevropada bir qator yetakchi jamoalar safida maydonga tushgan. Xususan, u “Barselona” klubida professional yo‘lini boshlagan, shuningdek, “Sevilya”, “Valensiya”, “Alaves”, “Xetafe” va “Las-Palmas” jamoalari sharafini ham himoya qilgan.

Oxirgi mavsumda u Ispaniyaning “Leganes” klubi safida harakat qilgan edi. Endi esa 30 yoshli tajribali futbolchi o‘zining navbatdagi faoliyati bosqichini Eron chempionatida davom ettiradi.

Shuni ham alohida qayd etish lozimki, u endi Jaloliddin Masharipov va Rustam Ashurmatov kabi o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p tepayotgan “Istiqlol” jamoasida harakat qiladi.

Munir El Haddadining fors futboliga kelishi nafaqat “Istiqlol” uchun, balki butun Eron chempionati uchun katta voqea sifatida baholanmoqda. Chunki u Yevropada orttirgan tajribasi bilan yangi jamoasiga jiddiy yordam berishi mumkin.

Ko‘pchilik mutaxassislar futbolchining hali oldinda bir necha mavsum yuqori saviyada to‘p surish imkoniyati borligini ta’kidlamoqda. Endi barcha nazarlar Munirning Erondagi ilk o‘yiniga qaratilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Barsa» sobiq futbolchisi endilikda Eronning “Istiqlol” jamoasida