Superliganing 21-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” – OKMK (4:1) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich matbuot anjumanida fikrlarini bildirdi.
– G‘alabadan keyin murabbiy sifatida natijadan xursandman. Birinchi taymda futbolning barcha jihatlari bo‘yicha raqibdan ustun keldik. Juda ham tartibli o‘ynadik va nazorat butunlay qo‘limizda edi. Ikkinchi bo‘limda OKMK oldinga ko‘proq o‘tishi kutilgan holat edi. Ular ko‘plab futbolchilarini hujumga qo‘shishdi. Bu bizga qarshi hujumlarda katta imkoniyat yaratib berdi va biz undan unumli foydalanib, raqibni jazolashga erishdik, – dedi murabbiy.
Shu bilan birga, Boshkovich oldinlari bunday uchrashuvlarda mag‘lub bo‘lgan paytlardan ham katta xulosa chiqarganini ta’kidladi:
– Ilgari ana shunday bahslarda imkoniyatni boy berib qo‘yardik. Lekin bu safar jamoa va men katta dars oldik. Tarkibdagi o‘yinchilarning mahorat darajasi, ichki raqobat shunday o‘yinlarni osonroq o‘tkazishimizga zamin yaratmoqda. Futbolchilarim va muxlislarni chin dildan tabriklayman. Bugun bizdan haqiqiy jangovar o‘yin namoyish etildi. Bu hali yo‘lning boshlanishi, jamoa va klub o‘sishda davom etmoqda, – deya ta’kidladi serbiyalik mutaxassis.
Murabbiyga ko‘ra, bugungi g‘alaba faqat natija bilan emas, balki jamoaning ko‘rsatgan kuchli o‘yini bilan ham qimmatli bo‘ldi:
– Birinchi davradayoq ana shunday o‘yinlarda yirik hisob bilan yutishni kutgandik. Bunday o‘yinlar endi biz uchun standartga aylanishi zarur. Bugungi g‘alaba bilan birga, jamoamning jangovor ruhda maydonga chiqqanini ko‘rish meni quvontirdi. Endi esa keyingi raqiblarni ham mag‘lub qilib, turnir jadvalida yuqoriga chiqishimiz shart. Bizdagi sifat shunga munosib, – dedi Boshkovich.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!