Angliyaning yetakchi klublaridan biri — «Manchester Siti» Ispaniyaning mashhur jamoasi «Barselona»da to‘p surayotgan iqtidorli yarim himoyachi Fermin Lopesga katta qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumot tarqaldi.
Manbalarning ta’kidlashicha, «shaharliklar» bu futbolchini jamoani tark etishi mumkin bo‘lgan Bernardu Silvaning o‘rnini bosuvchi asosiy nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, klubning bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ham Lopesning transferiga rozilik bergani qayd etilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Fermin Lopes hozirda «Barselona» bilan 2029-yil yozigacha amal qiladigan mehnat shartnomasiga ega. Uning bozor qiymati Transfermarkt ma’lumotlariga asosan taxminan 50 million yevroga teng.
Yosh yarim himoyachi Kataloniya klubi safida shu vaqtgacha 90 ta uchrashuvda maydonga tushib ulgurdi. Ushbu o‘yinlarda u 19 ta gol muallifi bo‘ldi va jamoadoshlariga 11 ta golli uzatma berish orqali yordam ko‘rsatdi.
Agar ushbu transfer amalga oshsa, «Manchester Siti» o‘rta chizig‘ida yangi kuchli ijrochiga ega bo‘ladi. Fermin Lopes esa o‘z navbatida Yevropa futbolidagi eng katta sahnalardan biriga qadam qo‘yishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!