AQSHning Nevada shtatida joylashgan Las-Vegas shahridagi mashhur «Allegiant» arenasida boksimizning eng katta to‘qnashuvlaridan biri o‘tkazildi. Ring markazida taniqli amerikalik jangchi Terens Krouford va meksikalik yulduz Saul «Kanelo» Alvares kuch sinashdi.
Uzoq kutilgan ushbu to‘qnashuv 12 raund davom etdi va hakamlar qarori (116-112, 115-113, 115-113)ga ko‘ra Terens Krouford g‘alaba qozonib, super o‘rta vazn toifasida WBC, WBA, WBO, IBF va The Ring kamarlarini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa u o‘z faoliyatida beshinchi vazn toifasida ham chempionlikka erishdi va sport tarixiga yana bir yorqin sahifa qo‘shdi.
Eslatib o‘tamiz, Krouford bundan avval yengil, birinchi yarim o‘rta, yarim o‘rta va birinchi o‘rta vazn divizionlarida ham chempion bo‘lgan. Yarim o‘rta va birinchi yarim o‘rta vazn toifasida esa u mutlaq chempion sifatida tarixga kirgan edi.
Bu g‘alaba Terens uchun faoliyatidagi 42-yutuq hisoblanadi. Shuningdek, u chempionlik janglarida ketma-ket 20-marta zafar qozonib, ulkan rekordga erishdi. Ayni paytda Krouford boks tarixida 3 ta vazn toifasida mutlaq chempion bo‘lgan yagona sportchi sifatida e’tirof etilmoqda.
Aniq bir narsa — Terens Krouford haligacha ringda mag‘lubiyat ta’mini tatigani yo‘q. Uning bu zafarlari uni nafaqat zamonaviy boksning, balki umumiy sport tarixining ham yorqin yulduziga aylantirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!